Navoiyda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

18:20 14 Iyun 2021 Jamiyat
176 0

Bugun Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumanlarida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan gaz hisoblagichlarning “aqlli” tizimi muvaffaqiyatli joriy etilib, qarzdorning tarmoqdan uzilishi inson omilidan xoli ravishda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga tarmoqdagi har qanday qingʻirliklar toʻgʻrisida markazga zudlik bilan xabar berilishi taʼminlangan. Bir soʻz bilan aytganda shunday nazorat ostida ham tabiiy gazdan tekin foydalanaman, deb xomtama boʻlish aqli noqislikdan boʻlak narsa emas. Biroq viloyatda tabiiy gazdan xavfsizlik talablariga rioya qilmay yoki taʼminot korxonasi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, talon-taroj qilish holatlari uchrab turibdi.

“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialining yuridik shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish boʻlimi masʼullari tomonidan may oyidagi tadbirlarda Navoiy shahrida 3ta holatda tabiiy gazdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish va qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, “Ortiq Rashid Omad” xususiy korxonasining isteʼmolchisi taʼminot korxonasi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan gaz tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan. Qayta hisob-kitoblarga koʻra, korxonaga yetkazilgan moddiy zarar miqdori 42 million 483 000 soʻmni tashkil etadi.

Yakka tartibdagi tadbirkor I.Sh. ning esa hech qanday shartnoma tuzmasdan foydalangan tabiiy gaz hajmi esa 2 ming 820 metr kubni tashkil etadi. Shuningdek, shaharda faoliyat yuritayotgan «Ekologi Projekt» xususiy korxonasida ham ana shunday tabiiy gazdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish holati aniqlanib, taʼminot korxonasi bundan 43 million 536 ming soʻm moddiy zarar koʻrgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?