Navoiyda saylovda ilk bor ovoz beruvchi talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi

08:45 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
112 0

Navoiy davlat Pedagogika institutida Respublika Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Shuhrat Joʻrayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 5- Navoiy okrug saylov komissiyasi raisi Normurod Isoqovning saylovda ilk bor ishtirok etadigan talabalar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda joriy yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan saylov mamlakatimiz kelajagi va jamiyat taraqqiyotida muhim oʻrin tutishi taʼkidlanib, unda har bir saylovchining ishtirokini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Soʻz saylovda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlar – talabalarning istiqboldagi siyosiy jarayonlarda oʻz konstitutsion huquqlaridan foydalanishlari xususida borar ekan joriy saylovning yangiliklari batafsil tushuntirildi.

Xususan, joriy saylovda talabalarga oʻzlari vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan hududlarda ovoz berish imkoniyatlari yaratilib, buning uchun ovoz beruvchi va uchastka saylov komissiyasi amalga oshiradigan tadbirlar bosqichma-bosqich tushuntirildi.

Uchrashuvda talabalar betob boʻlib qolgan saylovchilar hamda chet elda boʻlgan yurtdoshlarimizning ovoz berishlarini taʼminlash va saylov boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan bir qator savollar bilan murojaat etdilar.

— Talabalar har bir mamlakatda, jumladan Respublikamizda ham saylovchilarning ziyoli va faol qatlami hisoblanadi. Joriy saylovda jamiyatimiz siz yoshlardan joʻshqinlik hamda uyushqoqlikni kutib qoladi. Zero, ushbu saylov mamlakatimizda demokratik yangilanishlarning betakror koʻzgusidir, dedi tadbir nihoyasida MSK aʼzosi Sh. Joʻrayev.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 5- Navoiy okrug saylov komissiyasi tomonidan ayni kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan kalendar reja asosidagi tadbirlar boʻyicha maʼlumot berildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?