Navoiyda loyiha qiymati 12 mlrd soʻmlik yer usti piyodalar yoʻli qurilmoqda

11:10 17 Dekabr 2019 Jamiyat
1923 0

Navoiy shahrining Amir Temur va Gʻalaba koʻchalari kesishgan chorrahasidan har daqiqada toʻrt yuz nafardan oshiq piyoda turli yoʻnalishlarga qarab harakatlanishadi. Avtomashinalarning soni ham bundan kam emas.Chorrahaning bir yoʻnalishiga bor-yoʻgʻi ikki yarim yengil avtoulov sigʻishini inobatga olsak, ushbu nuqta naqadar tirband va xavfga yaqin ekanligi oydinlashadi.

Mazkur chorrahada piyodalar va haydovchilarga birdek qulay oʻtish inshooti qurish fursati allaqachon yetilib, uni yer ostidan qurgan afzalmi yoki ustidan degan savolga jamoatchilik bilan kelishgan holda javob olindi. Nihoyat, koʻpchilik fikri va shaharsozlik meʼyorlari hamda muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari yechimi inobatga olinib mahalliy hokimiyat tomonidan chorrahada piyodalar oʻtish yoʻlagini yer ustida qurishga izn berildi.

Koʻprikning loyiha qiymati 12 milliard soʻmni tashkil etadi.Jami uzunligi 325, balandligi 5,5 metr inshootda piyodalar harakatlanishi uchun 3 metrlik hamda nogironlar harakatlanish vositalari uchun 1,5 metrlik alohida yoʻlak yaratilmoqda.

Ayni kunlarda “Navoiy koʻpriklardan foydalanish” davlat unitar korxonasi quruvchilari tomonidan koʻprik ustunlari va metall konstruksiyalari oʻrnatildi. Qishning iliq kunlaridan unumli foydalangan quruvchilar bunyodkorlik ishlarini jadal olib borishmoqda. Inshootning qachon ishga tushirilishi albatta, ob-havoga ham bogʻliq.

Temur ESHBOYEV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер