Navoiyda yil boshidan buyon 30 holatda bank xodimlari bilan bogʻliq korrupsion holat qayd etilgan

16:46 07 Aprel 2021 Jamiyat
479 0

Navoiy viloyati prokurori va viloyat DXX boshqarmasi boshligʻi viloyatdagi tijorat banklari rahbarlari ishtirokida bank tizimida sodir etilayotgan korrupsiya koʻrinishidagi jinoyatlar tahliliga va ularning keltirib chiqarayotgan sabab hamda omillarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Taʼkidlanishicha, bank xizmatlari koʻrsatish sohasini isloh qilish, banklar faoliyatining ochiq va shaffofligini taʼminlash, imtiyozli kreditlar ajratish va valyuta siyosatini liberallashtirish yoʻnalishida qator ijobiy ishlar bilan birga ayrim masʼullar tomonidan kredit ajratish, turli bank operatsiyalarini amalga oshirishdagi suiisteʼmolchilik, mablagʻlarni talon-taroj qilish kabi holatlar hamon uchrab turibdi.

Chunonchi, joriy yilning oʻtgan davrida viloyat boʻyicha 30 tadan ortiq holatda bank xodimlari bilan bogʻliq korrupsion holatlar qayd qilingan.

Yigʻilishda muqaddam aynan bankdagi lavozimini suiisteʼmol qilib, jinoyat sodir etgan shaxslarning tijorat banklari tizimidagi masʼul vazifalarga tayinlanishi va ular tomonidan takroran jinoyatlar sodir etilayotgani tashvishli holat ekanligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilmagan, oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan xodimlarning javobgarlik masalasi qatʼiy hal etilib, jazo muqarrarligi taʼminlanishi haqida ogohlantirish berildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?