Navoiyda issiqlik energiyasi, tabiiy gaz taʼminotida qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrildi

10:49 28 Oktyabr 2021 Jamiyat
471 0

Foto: Халқ сўзи

Ayni kunlarda Navoiy shahrining goh u, goh bu hududidagi koʻp qavatli uylarida issiq suv va tabiiy gaz taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda. Tashvishli hol, albatta.

Biroq shahar ahli bunga koʻnikkan va tabiiy qabul qilmoqdalar. Boisi har yili ayni shu kecha-kunduzda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik soʻnggi pallaga kirib, issiq suv va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz taʼminotida tarmoqlar yuqori bosim ostida ishlashga oʻtkaziladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, mutaxassislarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Daxldor korxonalarda ish vaqti uzaytirilgan tartib joriy etilgan. Harakat serqatnov koʻchalarda yarim tunda ham tarmoqlarni taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotganini koʻrish mumkin.

- Kuz-qish mavsumini betashvish oʻtkazish maqsadida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan belgilangan vazifalar oʻz vaqtida amalga oshirilib, 2021-2022-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari yakunlandi, - deydi filial matbuot kotibi Zebo Qutliyeva. - Mavsumga tayyorgarlik davrida oʻtgan yili gaz bosimi meʼyordan pasayishi kuzatilgan hududlarda mavjud sabablar tuman va mahallalar kesimida oʻrganilib, joriy yilda ularni bartaraf qilish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tan olish kerak, yildan-yilga tabiiy gaz isteʼmolchilari sonining ortib borishi oʻtgan kuz-qish mavsumida koʻpgina hududlarda, ayniqsa, gaz taqsimlash qurilmalaridan uzoqda joylashgan xonadonlarda gaz bosimining pasayishiga sabab boʻldi. Bunday holatlar Karmana tumanining Varq, Kalovot, Besheyent, Koʻhnaqoʻrgʻon va Gulobod kabi mahallalarida koʻproq kuzatildi. Shu bois joriy yil mavsumiga tayyorgarlik jarayonida mazkur hududlarda quvurlar va gaz taqsimlash qurilmalari toʻliq taftishdan oʻtkazildi. Xususan, 66,8 km gaz quvurlari bosim ostida zichligi sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi. 89,6 km yer osti gaz quvurlari esa pribor usuli bilan gaz sizib chiqish holati mavjud yoki mavjud emasligi tekshirildi. Tadbirlar jarayonida Qiziltepa tumanida 10 ta, Karmana tumanida esa 3 ta hudud gaz quvurlarida aniqlangan gaz sizib chiqish holatlari bartaraf etilib, viloyat boʻyicha 3 ming 638 dona gaz taqsimlash qurilmasida aholiga gaz yetkazishda xavfsizlik choralari koʻrildi.

Qoʻshimcha qilish joiz, oʻtgan mavsumda Karmana, Qiziltepa, Navbahor hamda Xatirchi tumanlaridagi tabiiy gaz bosimi pasayishi kuzatilgan aholi punktlarida 13 dona gaz taqsimlash qurilmalarida joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 1,9 km gaz quvurlari koʻrikdan oʻtkazildi.

Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz borishi qiyin boʻlgan hududlar isteʼmolchilarini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash rejasiga koʻra, 2021-yilning toʻrtinchi choragi davomida jami 4315 tonna 300 kg, 2022-yilning birinchi choragi davomida esa 4206 tonna 900 kg suyultirilgan gaz yetkazish choralari belgilandi.

Nosoz, nostandart, qoʻlbola gaz jihozlaridan foydalanish oqibatida sodir boʻladigan baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida filialning servis xizmatini rivojlantirish boʻlimi xodimlari viloyatdagi koʻp qavatli uylarning 23 263 ta xonadonida, shuningdek, 90 691 ta hovli xonadonlarida mavjud boʻlgan gaz jihozlarini texnik koʻrikdan oʻtkazishdi. Shuningdek, 1469 ta ulgurji isteʼmolchining 3530 ta gaz jihozi ham texnik koʻrikdan oʻtkazilib, xavfsizligi taʼminlandi.

Bir soʻz bilan aytganda, viloyatda mavsumga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazildi. Kunlar esa soviy boshladi, ostonada qish. Unga tayyor boʻlsak, qish har qancha qirovli boʻlmasin, ziynatli kechadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?