Navoiyda havoni ifloslantiruvchi 206 ta korxona chang-gaz tutuvchi uskunalarsiz foydalanishga topshirilgan

17:07 01 Aprel 2021 Jamiyat
434 0

Illyustrativ foto

Ekologik vaziyat bugun dunyo tamaddunining global inqirozi sifatida insoniyatning oʻziga tahdid solmoqda. Boshqacharoq aytsak, soʻnggi asrlarda inson oʻz hayotiy qulayligi uchun nimaga qoʻl urgan boʻlsa, tabiatdan munosib aks javobni oldi. Buni sezmaslik mumkin emas.

Ahvol shu darajadaki, bugun soha olimlari insoniyat atrof-muhitga yetkazgan zarar oqibatlarini bartaraf eta olishini taxmin qilishga, hatto Kioto va Parij shartnomalari samara berishiga ham ikkilanib qolishgan. Ular sayyoramizdagi har bir inson tabiat bilan murosa yoʻlini tanlamas ekan, ekologik inqiroz chuqurlashaverishini taʼkidlashmoqda.

Navoiy viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining OAV vakillari uchun oʻtkazgan matbuot anjumanida eng avvalo ayni masala — tabiiy resurslardan foydalanish etikasi xususida mulohaza yuritildi. Soʻnggi yilda viloyatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq aniqlangan qonunbuzilish holatlari ikki baravarga oshganligiga eʼtibor qaratildi.

— Aniqlangan qonunbuzilish holatlari garchand ikki baravar oshgan boʻlsa-da, buni yaxshi koʻrsatkich hisoblamaymiz, — dedi boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari Xayrulla Baqoyev. — Sababi aniqlangan qonunbuzilish bu tabiatga yetkazilgan zararning oqibati. Shu bois faoliyatimizda uning oldini olish ustuvor vazifa boʻlmogʻi darkor.

Matbuot anjumanida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, huquqiy va boshqarma moddiy texnika bazasining mustahkamlanishi tabiatga boʻlgan har qanday tajovuzga oʻz vaqtida chora koʻrish imkoniyatlarini taqdim etayotganligi taʼkidlandi. Natijada oʻtgan yili atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2019-yilga nisbatan 8526 tonnaga kamaytirilishiga erishildi. Eʼlon qilingan moratoriy tufayli 5471 tup daraxt kesishdan asrab qolindi. 6 ta karyerda noqonuniy qazish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlanib, 31 ming tonna noruda qazilmalar talon-torojining oldi olindi. Konchilikda foydalanilgan jami 634,5 gektar yer (NKMKva RU-5 609,5 gektar) rekultivatsiya qilinishi taʼminlandi.

Matbuot anjumanida mutasaddilar viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi oldida turgan ustuvor vazifalarga atroflicha toʻxtaldilar. Chunonchi, viloyatda 206 ta atmosfera havosini ifloslantiruvchi korxona CHGTU(chang-gazlar tutuvchi uskunalar)siz foydalanishga topshirilganligi, qishloq tumanlarida kanalizatsiya tarmoqlari mavjud emasligi tufayli oqova suvlarning relyefga tashlanishi, yillar davomida qum-shagʻal qazib olish natijasida vujudga kelib, rekultivatsiya qilinmagan “egasiz” karyerlar, Navoiy, Zarafshon shaharlari va Karmana tumanlaridan tashqari barcha hududlarda qurilish chiqindilari poligonlari yoʻqligi mazkur kamchiliklarni bartaraf etish choralarini taqozo etadi.

Anjumanda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat etdilar.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?