Navoiyda har beshinchi «Tashabbusli byudjet»ni zarafshonliklar yutdi

10:20 23 Sentyabr 2022 Jamiyat
258 0

Illustrativ foto

Bu viloyatda «Tashabbusli byudjet» asosida maʼqullangan har beshinchi loyiha demakdir.

Mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori asosida joriy etilgan «Tashabbusli byudjet» loyihasi joylarda ijtimoiy muammolarni yechish, aholining jamoaviy qarorlar qabul qilishi, jamoatchilik nazoratining kuchayishi, mahalliy deputatlarning faollashuvi hamda davlat tomonidan berilayotgan mablagʻdan samarali foydalanish imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Eng muhimi, uzoq yillardan buyon hal boʻlmayotgan ijtimoiy muammolarga jamoatchilik koʻzi bilan eʼtibor qaratilib, byudjet mablagʻlarining taqsimlanishida fuqarolarning ishtiroki taʼminlanmoqda.

Shu asosda joriy yil Zarafshon shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasiga jami 4 601.5 mlrd.soʻm (respublika byudjetidan qoʻshimcha 3 185,2 mlrd soʻm)mablagʻ ajratildi. 2022-yil 1-fevraldan 1-aprelga qadar Respublika Moliya vazirligining openbudget.uz rasmiy veb sayti orqali mahalliy muammolarni bartaraf etish maqsadida shaharda istiqomat qiluvchilar uchun ahamiyatga ega boʻlgan jami 167 ta taklif bildirilgan edi.

— Fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan 167 taklif ishchi komissiya tomonidan oʻrganilib, 59tasi ovoz berish bosqichiga oʻtkazildi, — deydi shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Anvar Shohmirzayev. — Ovoz berish bosqichiga oʻtkazilgan mazkur takliflar uchun fuqarolar tomonidan 351 ta onlayn, 15 826 ta sms orqali jami 16 177 ta ovoz berildi. Eng koʻp ovoz toʻplagan 27 ta taklif gʻolib deb topilib, ularning 10 tasini qurilish taʼmirlash, 17 tasini esa moddiy texnika tovarlari xarid qilish tashkil etadi.

Shaharda gʻolib deb topilgan takliflarning 19 tasi Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli maktablarga, 4 tasi Maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli bogʻchalar va 4 tasi Sogʻlikni saqlashga tegishli takliflardan iborat edi. Mazkur loyihalarning deyarli barchasida qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanib, faqat ikki loyiha boʻyicha bunyodkorliklar davom etmoqda.

Taʼkidlash joiz, ushbu yangiliklar samarasini zarafshonliklar oʻz hayotida his etib, oʻtgan hafta nihoyasiga yetgan, navbatdagi ovoz berish jarayonlarida ham faol ishtirok etdilar. Natijada viloyat boʻyicha koʻp ovoz toʻplagan 75 loyihaning 15tasi Zarafshon shahri aholisi takliflari asosida shakllandi. Bu viloyatda «Tashabbusli byudjet» asosida maʼqullangan har beshinchi loyiha demakdir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?