Navoiyda “Besh tashabbus paralimpiadasi”ga start berildi

14:02 17 Noyabr 2022 Jamiyat
293 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyatida 14-30 yoshdagi nogironligi bor yigit-qizlar 2 ming 851 nafarni tashkil etib, ular oʻz matonati, izlanishlari bilan taqdir sinovlariga munosib javob bermoqdalar. Ularni faol hayotga jalb etish hamda intilish va shijoatlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida turli tanlov, musobaqa va bellashuvlar tashkil etilayotgani ayni muddaodir. Bugun start olgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” shulardan biri.

— Mazkur musobaqa mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalardagi yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida tashkil etildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Umid Xudoyqulov. — Ushbu musobaqada bot orqali roʻyxatdan oʻtgan jami 1 ming 61 nafar nogironligi boʻlgan yoshlarimiz qatnashish istagini bildirdi.

Musobaqalar paralimpiya sportining yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi va kiber-sport turlari boʻyicha oʻtkaziladi.

— Bolalikdan sportga qiziqaman, — deydi paralimpiada ishtirokchisi Rustam Yusupov. — Har bir bayram va qutlugʻ ayyomlarda sovgʻa-salomlar olaman. Lekin oʻz imkoniyating evaziga taqdirlanish, ragʻbat olishning qadri, zavqi boʻlakcha. Bu keyingi marralar sari qanot boʻladi.

Musobaqalar ikki kun davom etib, natijalarga koʻra respublikada viloyat shaʼnini himoya qiluvchi jamoa shakllantiriladi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?