Navoiyda avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasidagi oʻgʻrilik fosh etildi.

23:51 22 Sentyabr 2022 Jamiyat
880 0

Foto: Xalq so‘zi

«Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filialining jismoniy shaxslarga tabiiy gazni yetkazib berishni nazorat qilish boʻlimi xodimlari, filialning moddiy resurslardan oqilona foydalanish va Korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boʻlimi, «Oʻzneftgazinspeksiya» Navoiy hududiy boʻlimi hamda «Hududgaz Metrologiya» filiali Navoiy boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan Navoiy shahrining “Inspektorlar” koʻchasida joylashgan “B.E.M.” MCHJga qarashli “Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyasi”da tabiiy gazdan foydalanish holati oʻrganildi. Jamiyatga tegishli boʻlgan «Avtopilot Pro» rusumli elektron gaz hisoblash uskunasining talab asosida ishlayotganligi modem orqali tekshirilganda, shubhali holat borligi kuzatilib, holatga oydinlik kiritish maqsadida gaz hisoblagich belgilangan tartibda yechib olinib, ekspert tekshiruvidan oʻtkazildi.

Tekshiruv natijasida uning gaz hisoblash uskunasi konfiguratsiyasi oʻzgartirilganligi va mazkur holat hisobdonning hisoblash mexanizmi toʻgʻri ishlashiga taʼsir etganligi maʼlum boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, ishbilarmon, yanada koʻproq daromad koʻrish niyatida “ishbilarmon”lik qilgan ekan..

— Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarorining tegishli bandida hisobga olishni notoʻgʻri koʻrsatish maqsadida hisobga olish priborining konfiguratsiyasi va sozligini oʻzgartirish uchun tabiiy gaz isteʼmolini hisobga olish priboriga modem yoki boshqa aloqa vositalarining ruxsatsiz ulangani aniqlanganda, belgilangan tartibga asosan, isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmlarining qiymati undirilishi belgilangan, — deydi filialning matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. — Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu isteʼmolchi tomonidan 1 million 363 892 m3 gaz noqonuniy sarflangan. Yaʼni, qish mavsumining bir oyida 2000 ta xonadonni taʼminlashga yetadigan tabiiy gaz talon-taroj qilingan. Taʼminot korxonasi bundan 1 milliard 363 million 892 000 soʻm moddiy zarar koʻrgan.

Mazkur holatlar boʻyicha tegishli tartibda dalolatnomalar tuzilib, barcha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?