Navoiyda 400 nafardan ortiq shaxmatchi bahslashgan ochiq xotira turniri gʻoliblari aniqlandi

21:33 05 Mart 2021 Sport
1311 0

“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi mazkur ochiq turnir Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi boshqaruvi tashabbusi bilan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat shaxmat federatsiyasi va “Tinchlik” kompaniyasi homiyligida tashkil etildi.

— Turnir “Tinchlik” kompaniyasi asoschisi marhum Istam Xoliqov xotirasiga bagʻishlandi, — deydi Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi raisi F.Soliyev. — I. Xoliqov tadbirkor boʻlish bilan birga shaxmat fidoiysi, ashaddiy muxlisi edi. Hayotlik chogʻida turnirlar tashkil etib, yosh shaxmatchilarning turli turnirlarda ishtirokiga homiylik yordamlarini koʻrsatgan. Bugungi kunda uning biznesini farzandlari davom ettirib, otasining xotirasiga mana shu anʼanaviy turnirga asos solishdi.

Musobaqada 14 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan shaxmat ixlosmandlari va Sitora Saparova kabi jahon Shahrizoda Bashriddinova kabi Osiyo chempionlari hamda 3 nafar Xalqaro sport ustasi, 100 nafar Respublika chempionlari ishtirok etishdi. Turnir protokolida jami 400 nafardan ortiq shaxmatchining ismi sharifi qayd etilib, ular mamlakatimizning yettita hududi sharafini himoya qildilar.

Bahslar besh yosh toifasida 7 turdan iborat boʻldi. Murosasiz bahslardan soʻng 14 yoshlilar orasida navoiylik Muhammadali Ibrohimov, 16 yoshlilardan buxorolik Mirfayz Sunnatov, 18 yosh toifasida navoiylik Mehriddin Yuldashev turnir gʻolibligini qoʻlga kiritdi. 19dan 60 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar orasida esa surxondaryolik Nabijon Norboyev, hamda navoiylik Rabbim Umarov(60 yoshdan yuqorilar toifasida)ga bas keladigan shaxmatchi topilmadi. Turnirning mutlaq gʻolibligi buxorolik Mirfayz Sunnatovga nasib etdi.

Musobaqa yakuni boʻyicha gʻolib va sovrindorlar tashabbuskorlarning diplom hamda “Tinchlik” kompaniyasining televizor va boshqa qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Har bir ishtirokchi bolalarga esa sertifikat topshirildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?