Navoiyda 37 tashkilotni bagʻriga olgan bino foydalanishga topshirildi

22:15 24 Noyabr 2020 Jamiyat
584 0

Bino eshigining sinchiga “Doʻstlik va nodavlat-notijorat tashkilotlari uyi”, deb yozib qoʻyilgan. Koʻpchilik uni qisqartirib, halitdan “Doʻstlik uyi” deb atamoqda. Boisi ushbu binoda viloyatda faoliyat yuritayotgan koreys, rus, qozoq, tatar-boshqird, ozarbayjon, qoraqalpoq, turkman milliy-madaniy markazlari, Respublika Qizil Yarim Oy jamiyati mintaqaviy tashkiloti va yana oʻttizdan oshiq nodavlat va notijorat tashkilotlari joylashtirildi.

Aslida toʻliq qayta taʼmirlangan mazkur bino yaqin oʻtmishda gʻaroyib kunlarni boshdan kechirgan. Bir paytlar unda viloyat suv xoʻjaligi tizimining turli tashkilotlari joylashib, ayrimlari keyinchalik “uyli-joyli boʻlib”, koʻchib ketgan ersa, baʼzilarining faoliyati optimallashtirilib tugatilgan. Oʻrtada kommunal tarmoqlar va boshqa toʻlovlardan qarzdorlik vujudga kelib, isitish hamda qator muhandislik tizimlardan uzib tashlangan bino bir necha bor turli idoralarning qoʻldan-qoʻliga oʻtgan edi. Muxtasar qilsak, bino boʻsh ham, egalik ham emas edi. Shunday vaziyatda viloyat hokimi masʼuliyatni zimmaga olib, Respublika Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy shahar, S.Ayniy koʻchasi, 34-uyda “Nodavlat notijorat tashkilotlari va doʻstlik uyi” tashkil etish toʻgʻrisidagi farmoyishini qabul qildi.

Unga koʻra ushbu binoni mukammal taʼmirlash uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan jami 1 milliard 800 million va jihozlash hamda kompyuter va boshqa texnikalar uchun 250 million soʻm mablagʻ ajratildi. Isitish va muhandislik kommunikatsiya tizimlari taʼmirlanib, sozlandi. Shu taxlit mazkur bino zamonaviy koʻrinish olib, “Doʻstlik uyi” nomini oldi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?