Navoiyda 32 nafar mahkumga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalari qoʻllanildi

20:33 21 Aprel 2021 Jamiyat
351 0

Navoiy shahar sudining 4-son JIEMda sayyor sud majlisi oʻtkazilib, unda jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan, jazoni oʻtash davomida koloniyada oʻrnatilgan ichki tartib qoidalariga toʻliq rioya qilgan va intizomiy jazolanmagan 32 nafar mahkumga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalari qoʻllanildi.

- Sayyor sud majlisida ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan 5 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi, 3 nafar mahkumning ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazoga almashtirildi, shuningdek 24 nafar mahkumlarni saqlash sharoiti yengil tartibli koloniyaga oʻtkazildi, - deydi Navoiy shahar sudi raisi raisi Sh.Mamirov. - Shu tariqa jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar qalbiga ezgulik va insonparvarlik nihollarini qadadik, desak ham boʻladi. Endilikda ularning qarshisidagi vazifa - yurtimiz, jamiyatimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishi, farzandlari, ota-onalari yuzini yorugʻ qilib, oʻz mehnati bilan qadr topishdir.

Sayyor sud majlisi tadbiri doirasida mahkumlar va JIEM jamoasi uchun bir necha mavzularda huquqiy maʼruzalar qilindi. Xususan, sud raisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, korrupsiya va odam savdosi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 30-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Temur ESHBOYEV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?