Navoiyda 200 nafardan ortiq bolada murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi
Foto: "Xalq soʻzi"
Xatirchi tumanining Oltinobod qishlogʻilik Zulxumor Xoʻjamqulova quvonchdan koʻz yoshlarini tiya olmaydi. Boisi oʻgʻli Umidjonni sakkiz yildan buyon qiynab kelayotgan tugʻma xastalik ustida Navoiy viloyat koʻptarmoqli bolalar shifoxonasi shifokorlari murakkab jarrohlik operatsiyasi oʻtkazishib, darddan forigʻ etishdi.

— Oʻgʻlim tugʻma urologik nuqson bilan dunyoga kelgan, — deydi Z. Xoʻjamqulova. — Unga Toshkentda operatsiya oʻtkazilishini bilardik, lekin qoʻlimiz kaltalik qilardi. Ming qatla shukur, mana bugun uning ham, mening ham tashvishlarimga, shu yerda oʻzimizning shifoxonamizda chora topildi. Toʻgʻrisi, bunday boʻlishini kutmagan ham edik.
Zulxumor Xoʻjamqulovaning dil soʻzlarida joriy yil farzandlarida murakkab jarrohlik operatsiyalari oʻtkazilgan ikki yuzdan ortiq onaning minnatdorligi mujassam. Shifoxona jarrohlari tomonidan birgina joriy yilning oʻzida mazkur onalarning bolalarida yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirilib, ular sogʻlom hayotga qaytarildi. Shularning yetmishdan ortigʻi respublikamizning yetakchi klinikalari hamda bolalar tibbiy milliy markazining malakali jarrohlari bilan hamkorlikda ilk bor amalga oshirildi. Endigina ikki yoshni toʻldirgan Javlon Murodullayev shulardan biri.

— Javlon gripp bilan ogʻrib, ambulator davolangan, — deydi shifokor Jasur Rahmonov. – Lekin davolanishni oxirigacha yetkazmaganligi sababli, kasallik keyingi bosqichga oʻtib, oʻpkani zararlagan. Yaʼni, bolaning plevra boʻshligʻida yiringli jarayon kechib, hayotiga xavf solgan. Bemor bolaning oʻpkasida murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, hozirda operatsiyadan keyingi davolash muolajalarini olmoqda.
Taʼkidlash joiz, viloyatda ogʻir xastalikka chalingan yuzlab bolalarning darddan forigʻ boʻlishi tasodif emas. Balki mamlakatimizda inson qadri ulugʻlanib, uning bebaho boyligi salomatligining muhofaza qilinishi, tibbiyot sohasidagi islohotlar, uning hududlarga yaqinlashishi samarasidir. Bu islohotlar hamyurtlarimizning hayotdan roziligini oshirib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring