Navoiyda 18 holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish aniqlandi

18:10 02 Fevral 2021 Jamiyat
536 0

Illyustrativ foto

“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialining Korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish va moddiy resurslardan oqilona foydalanish boʻlimi, «Oʻzneftgazinspeksiya» Navoiy hududiy boʻlimi hamda «Hududgaz Metrologiya» filiali Navoiy boʻlimi xodimlari tomonidan isteʼmolchilarning tabiiy gazdan foydalanishlarini nazorat qilish tadbirlari oʻtkazilganida birgina joriy yil yanvar oyining oʻzida davomida viloyat boʻyicha 18 holatda gazdan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq holat aniqlandi.

Xususan, Navoiy shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Sitrus biznes Navoiy” MCHJga qarashli issiqxonaning “tadbirkorlari” gaz hisoblagich uskunasidan oldin flyans qismidan rezina shlang orqali gaz hisoblash uskunasidan keyin oʻrnatilgan chiqish monometriga ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilayotgani oqibatida taʼminot korxonasiga 121 million 103 ming soʻm mqidorida zarar yetkazilgan. Shahardagi «Navoiy Petrol» MCHJga qarashli issiqxona va ushbu hududdagi “Ummon Meva Sabzavot” issiqxonasida esa tabiiy gaz tarmogʻiga oʻrnatilgan hisoblagich metall sim yordamida toʻxtatib qoʻyilib, jami 580 million soʻmlik miqdordagi tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanilgan.

Shuningdek, nazorat tadbirlarida Qiziltepa tumanida joylashgan “Temurbek porloq kelajagi” MCHJga qarashli issiqxonadagi gaz hisoblagich uskunasi tekshirilganda, u 3000 metr kubni koʻrsatayotganligi, lekin tabiiy gazni hisobga olmayotganligi, issiqxonada 2 dona qoʻlbola isitish qozoni va 1 dona qoʻlbola temir pechdan foydalanilayotganligi aniqlanadi. Ushbu obyektda hisobga olinmay, talon-taroj qilingan gaz hajmi 37 869 metr kub, yetkazilgan zarar miqdori esa 37 mln. 869 ming soʻmni tashkil etadi. Mazkur holat boʻyicha hisoblagichning arxiv maʼlumotlari tahlil qilinib, ishlamay qolgan davrdan boshlab navbatdan tashqari davlat qiyoslashdan oʻtgan kunga qadar foydalangan gaz hajmi qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha isteʼmolchiga tushuntirish berildi.

Karmana tumanida joylashgan “Shox Diyor” MCHJga tegishli issiqxona egasi isitish qozoniga gaz kelish quvuriga oʻrnatilgan moslama orqali maʼmuriy binoga oʻrnatilgan gaz taqsimlash qurilmasiga rezina shlang ulab, tabiiy gazdan foydalangan. Natijada, MCHJ issiqxonasida 92 453 metr kub gaz hisobga olinmasdan sarf qilinib, gaz taʼminoti korxonasiga 90 mln. 453 ming soʻm zarar yetkazilgan.

Nazorat tadbirlarida Karmana tumani hududida joylashgan «Paynet servis» xususiy korxonasiga qarashli zamburugʻ yetishtirish sexi, Qiziltepa tumanidagi «Temstoym» oilaviy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish maskani va ushbu hududdagi «Vazirabonu» oilaviy korxonasiga qarashli xususiy tibbiyot muassasalarida tegishli shartnoma mavjud emasligi, oʻzboshimchalik bilan tabiiy gazdan foydalanish holatlari aniqlangan. Gaz taʼminoti korxonasi koʻrgan zarar miqdori esa 4 million soʻmdan ortiqni tashkil etdi.

Tadbir tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, yuqoridagi holatlar natijasida, oʻrtacha mingdan ortiq xonadonni qish mavsumida taʼminlashga yetadigan tabiiy gaz talon-taroj qilingan. Albatta, bu qayerdadir gaz bosimi pastligi, qayerdadir mutlaqo oʻchib qolishiga olib kelgan boʻlsa ajab emas.

Yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?