Navoiy viloyatidagi mahallalarning oltmish foizida yil boshidan buyon jinoyat yuz bermadi

18:22 13 Iyun 2022 Jamiyat
223 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyatida 330 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud. Yil boshidan buyon hududda sodir etilgan 1015 jinoyat 108 ta MFYga toʻgʻri keladi. Tabiiyki, ushbu mahallalar “qizil toifa”ga olinib, har birida jinoyatga olib kelgan omillar tahlil etiladi, ularning takrorlanmasligi choralari koʻriladi.

Viloyat IIBning OAVlari vakillari va ijtimoiy tarmoqlar blogerlari uchun oʻtkazgan matbuot anjumanida shu va Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumotlar berildi.

— Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan hisobot davrida bir qator turdagi jinoyatlar, xususan, ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilishi kamaygan boʻlsa-da, voyaga yetmaganlar bilan ishlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda, — deydi Navoiy viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari Umidjon Adizov. — Shuningdek, harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda ham oʻtgan yilning mos davriga nisbatan ogʻir oqibatlar sonida kamayish kuzatilsa-da, YTHning 28 kishi umriga zomin boʻlganligi bu borada samarador tadbirlarni qoʻllashimizni taqozo etadi.

Matbuot anjumanida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 10-iyunidan 10-iyuliga qadar eʼlon qilingan “Intizom oyligi” va uning doirasidagi tadbirlar xususida soʻz borib, bu borada jamoatchilik nazorati muhimligi taʼkidlandi.

Viloyat IIB tizimi rahbarlari OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?