Navoiy viloyatida qaysi turdagi jinoyatlar keskin oshdi?

15:43 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
427 0

Foto: Temur Eshboyev, “Xalq so‘zi”

Navoiy shahrida 2021 yilning to‘qqiz oyi davomida jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar bo‘yicha viloyat sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda mana shu savolga aniq-tiniq javob berildi.

Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratovning aytishicha, hisobot davrida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda, ayollar, yoshlar va oltmish yoshdan oshganlar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari sezilarli oshgan. Xususan, sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlardan qasddan badanga shikast yetkazish, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish, pora berish,  o‘g‘rilik jinoyatlari foizlarda oshgan bo‘lsa, qasddan odam o‘ldirish (3tadan 13taga), voyaga yetmagan shaxsni moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash jinoyati (6tadan 20 taga) bir necha baravarga ko‘paygan. Ko‘rsatkichlarning bu qadar yuqorilashiga viloyat sudi raisi quyidagicha izoh berdi:

 - Ko‘rsatkichlarga moslab ish ko‘rish ortda qoldi. Bugun sudlar oldiga adolatli hukm chiqarish, qonun ustuvorligi va har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlash vazifalari qo‘yilgan. Shu o‘rinda yana bir-ikki raqamlarga eʼtibor qaratamiz.  Sud tizimidagi islohotlar samarasi o‘laroq  hisobot davrida sudlar tomonidan 21 nafar fuqaroga nisbatan tergov organlari tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinib, ularning barchasi oqlandi. Shuningdek, ushbu davrda 123 nafar shaxsga nisbatan 88 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilib (modda to‘liq ayblovdan chiqarilgan, modda qismi yoki bandi chiqarilgan yoki boshqa moddaga malakalangan) odilona hukm chiqarildi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar hajmining oshishiga keladigan bo‘lsak, buni pandemiya sharoitida tadbirkorlik subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan berilgan imtiyoz,  xususan, kreditlar qaytarilishi muddatini uzaytirishga doir yengilliklarni suiisteʼmol qilish tufayli yuzaga kelgan holat bilan bog‘lash to‘g‘ridir.

Matbuot anjumanida fuqarolarning huquqiy savodxonligini, qonunga itoat etish ko‘nikmasini oshirish hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi tadbirlar bo‘yicha ham maʼlumotlar taqdim etildi.

 

Temur ESHBOYEV, “Xalq so‘zi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?