Navoiy viloyatida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan YTH oqibatida oʻlim holati koʻpaygan

Taʼkidlash joiz, viloyatda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan avtotransport vositalarining soni 14011 ta, yaʼni salkam 14 foizga oshgan. Biroq bu viloyatda yoʻl transport hodisalari oqibatida oʻlim holati oshishining asosiy sababi emas, deyildi viloyat IIB YHXBning ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida.
— Shu oʻrinda bir-ikki misol keltirsam, — dedi YHXB boshligʻi oʻrinbosari Alisher Egamov. — «Damas» rusumli avtomashina boshqaruvni yoʻqotganligi tufayli yoʻldan chiqib ketib, avtohalokatga uchraydi. Xavfsizlik kamarini taqqan haydovchi yengil tan jarohati olgan boʻlsa, taqmagan yoʻlovchi avtomashinadan uchib chiqib ketgani oqibatidagi ogʻir tan jarohatlari tufayli vafot etadi. Yoki yaqinda Navbahor tumanida roʻy bergan YTHsida mast piyoda toʻsatdan yoʻl oʻrtasiga chiqib ketishi oqibatida vafot etdi. Shuningdek, velosipedda harakatlanayotgan 13 yoshli maktab oʻquvchisining quloqchin taqib, telefonda onasi bilan gaplashayotgan paytida ortidan kelayotgan yuk mashinasining yoʻliga chiqib ketishi ham oʻlim bilan yakunlandi. Koʻrinib turibdiki, oddiy xavfsizlik kamaridan tortib, telefondan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik xoh yoʻlovchi, xoh piyoda boʻlsin har birining hayotiga har doim xavf solib turadi.
Matbuot anjumanida YHXB rahbarlari jurnalistlarni qiziqtirgan turli savollarga javob berdi. Xususan, gazetamiz nomidan yoʻnalishsiz yoʻlovchi tashish transport vositalari ishtirokidagi YTH soni oshib borayotganligi sabablari xususidagi berilgan savolga boshqarma boshligʻidan quyidagicha javob oldik.
— Bugun viloyat boʻyicha 276 ta MCHJ maqomidagi tadbirkorlik subyektiga birlashgan 6000dan oshiq avtotransport vositalari egalari aholiga yoʻlovchi tashish xizmatini koʻrsatadi, — dedi viloyat IIB YHXB boshligʻi Anvar Hafizov. — Oʻtgan yili pandemiya tufayli mazkur avtotransport vositalarining aksariyati texnik koʻrikdan oʻtmay qoldi. Joriy yildagi texnik koʻrik esa ularning yetmish foizga yaqini ham texnik, ham maʼnan yoʻlovchi tashish talablariga javob bermasligini koʻrsatmoqda. Bu muammoning asosiy omili boʻlsa, ular aʼzo boʻlgan uyushmalarning oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi, yaʼni xizmatga chiqarishdan oldin avtotransport vositasini texnik, haydovchini tibbiy koʻrikdan nomiga oʻtkazish, baʼzida umuman oʻtkazmasligi bu kabi noxush holatlarning yana bir sababi boʻlib qolmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq bir qator takliflarini ham bildirib oʻtdilar. Xususan, oʻtgan yili viloyat YHXB tomonidan velosiped haydovchilariga ochiq rangli nimchalar tarqatilishini qoʻllab-quvvatlab, ushbu amaliyotni tajriba tariqasida joriy etish istagini bildirishdi.
Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
- Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi
- “Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”
- Burkina-Fasoda oʻgʻirlab ketilgan ayollar ozod qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring