Navoiy viloyatida 5 ta obyekt YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritiladi

11:22 31 Avgust 2020 Welcome to uzbekistan
3013 0

Navoiy viloyatining turizm salohiyatini targʻib qilish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yana-da toʻliq va samarali foydalangan holda turistlar oqimini koʻpaytirish va viloyatning ijobiy qiyofasini shakllantirish borasida Navoiy viloyat Turizmni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan chora-tadbirlar bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-13-mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Buyuk ipak yoʻlining Zarafshon —Qoraqum qismida joylashgan «Qosim-Shayx», “Mirsaid Bahrom”, “Raboti-Malik”, “Sardoba”, «Mavlono Orif Deggaroniy» madaniy meros obyektlarini YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari roʻyxatiga kiritish topshirigʻi berilgandi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, yuqorida nomi koʻrsatib oʻtilgan tarixiy yodgorliklarni, YUNESKO roʻyxatiga kiritish boʻyicha 2019-yil 20-may kuni viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi va Oʻrta Osiyo Xalqaro tadqiqotlar instituti (IICAI) oʻrtasida loyihaning umumiy qiymati 1100,0 mln soʻmlik ikki tomonlama shartnoma imzolandi.

Shartnoma shartlariga muvofiq ishlar uch bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Birinchi bosqich boʻyicha Oʻrta Osiyo Xalqaro tadqiqotlar instituti malakali mutaxassislari va xorijiy ekspertlari ishtirokida mazkur tarixiy obyektlarning qoʻriqlash, muhofaza qilish chegaralari aniq belgilab olinib, xulosalari taqdim qilindi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Oʻrta Osiyo Xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan ikkinchi va yakuniy bosqich ishlari, yaʼni madaniy meros obyektlarining ilmiy hujjatlarini jahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun tayyorlash, har bir obyektning holatini oʻrganib chiqqan holda nominatsiya matnini yozish uchun dastlabki maʼlumotlarni toʻplash va umumlashtirish, obyektlarning xususiyatlari, obyekt tavsifi, tarixiy rivojlanish chizigʻi, Butunjahon merosini muhofaza qilish Konvensiyasiga muvofiq qoʻllanma formati va mazmuniga asoslangan transchegaraviy nominatsiya loyihasini YUNESKO jahon merosi roʻyxatiga kiritish maqsadida madaniy meros obyektlarining ilmiy hujjatlarini tayyorlash ishlari uchun bugungi kunda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada madaniy meros obyektlarini muhofaza qilibgina qolmasdan Navoiy viloyatining turistik imidji yaratilib hududlarning mavjud infratuzilmasini rivojlantirish, turizm sohasida investitsion loyihalarni amalga oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, sohasidagi kadrlar malakasini oshirish, viloyatning turistik salohiyatini oshirish imkoniyati paydo boʻladi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?