“Navoiy uran”da ishlab chiqarish hajmi ikki baravar oshiriladi

14:56 02 Avgust 2022 Jamiyat
545 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston uran ishlab chiqarish hajmi boʻyicha dunyo reytingida beshinchi oʻrinda turadi. Salohiyat va resurslar ushbu mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari mavjudligini koʻrsatmoqda. Shu bois Prezidentimizning 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030-yillarda «Navoiy uran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida mamlakatimizda uran xom ashyo bazasini barqaror rivojlantirish, uni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish, sohani transformatsiya qilish hamda sohaga investitsiyalarni, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, pirovard natijada geologik oʻrganishlardan chuqur qayta ishlangan mahsulot olishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladigan zamonaviy klaster faoliyatini yoʻlga qoʻyishdek ustuvor vazifalar belgilangan.

“Navoiy uran” tomonidan ushbu vazifalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash va ishlab chiqarish maqsadli parametrlarini belgilash boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrishga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda “Navoiy uran” DK Bosh direktori J. Hasanov yuqorida keltirilgan qaror doirasida istiqboldagi rejalar yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Taʼkidlandiki, 2030-yilga kelib uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarishni ikki baravarga yoki 7100 tonnaga va ammoniy perrenatini 1,7 barobarga yoki 3700 kilogrammga yetkazish moʻljallanmoqda. Korxona iqtisodiy salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari boʻyicha maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlar olib tashlangan.

Shuningdek, yigʻilishda yangi konlarni ochishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish, ularning samaradorligi va natijadorligini oshirish, “Navoiy uran” DK transformatsiyasini jadallashtirish orqali zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan unumli foydalanish, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarni raqamlashtirish choralariga batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Qarorda belgilanganidek, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi «Urankamyobmetgeologiya» AJning uran, nodir va kamyob metallar qazib olish boʻyicha istiqbolli maydonlarni oʻrganishga yoʻnaltirilgan barcha aktivlari va majburiyatlari “Uran va kamyob metallar geologiyasi” ilmiy ishlab chiqarish markazi sifatida hamda “Nurlikum mining Uzbek-French joint venture” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoʻshma korxonasidagi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining ulushi “Navoiy uran” DKga oʻtkaziladi. Mazkur jarayonlarni sifatli hamda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish boʻyicha masʼullarga aniq va maqsadli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, J.Xasanov “Navoiy uran” DKni rivojlantirish va transformatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilab berilgan vazifalarga toʻxtalib, 2030-yilga qadar korxona tomonidan uran qazib olish va qayta ishlashni koʻpaytirish maqsadida qariyb 500 mln dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishini qayd etdi.

— Korxona tashkiliy tuzilmasida transformatsiya jarayonlarini toʻlaqonli joriy etish maqsadida Loyiha ofisi tashkil etiladi, — deydi korxona axborot xizmati mutaxassisi Oʻtkir Oʻsarov. — Shuningdek, rekruting tashkilotlari hamda “Orano Maining” kompaniyasi (Fransiya) mutaxassislari bilan birgalikda “Boshqaruv xodimlari qobiliyatini rivojlantirish” dasturini ishlab chiqqan holda, korxona xodimlarini xorijiy oliy taʼlim muassasalarida hamda yetakchi xorijiy kompaniyalarda tizimli ravishda malakasi oshiriladi.

 

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер