Navoiy harbiy garnizonida Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi

17:21 01 Mart 2024 Jamiyat
231 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy harbiy okrugining Navoiy harbiy garnizonida oʻz yigitlik burchini oʻtayotgan askarlardan bir guruhining Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda okrug qoʻmondonligi vakillari, askar yigitlarning ota-onalari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

Soʻz olganlar yigitlik ontini ichayotgan askarlar hayotidagi unutilmas lahzalar bilan qutlanar ekan, Vatanga xizmat qilish — sharafli burch va mardlik namunasi ekanligi taʼkidlashdi. Mamlakatimiz Oliy bosh qoʻmondoni rahnamoligida oʻtgan yillar mobaynida milliy armiyamizni modernizatsiyalash va isloh qilish, eng zamonaviy qurol-yarogʻ, harbiy texnika turlari bilan qurollantirish, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolarini uy-joy bilan taʼminlash, moddiy, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash borasida katta ishlarning amalga oshirilganligi, muddatli harbiy burchini sharaf bilan oʻtagan askarlarga bir qator imtiyozlar berilayotgani mamnuniyat bilan qayd etishdi.

— Farzandimning Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga harbiy qasamyod qabul qilayotganligi biz uchun ham faxr, — deydi ota-onalardan biri Orif Hakimov. — Ming shukur, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Bularning barchasi mamlakatimiz Prezidentining oqilona siyosati samarasidir.

Shundan soʻng askarlar Vatan oldidagi burchini halol bajarishga vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda qasamyod qilishdi.

Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Harbiy orkestr ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер