Navoiy dahosi va boy adabiy-maʼnaviy merosi uchinchi uygʻonish davrimiz uchun ulkan ahamiyatga ega — Gʻofurjon MIRZAYEV

12:56 09 Fevral 2021 Jamiyat
611 0

Sirdaryoda hazrat Alisher Navoiy bobomiz tavalludining 580-yilligiga bagʻishlangan tadbirlar Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomli “Bilimdonlar maskani”dan boshlandi. Ulugʻ shoirimizga hurmat-ehtirom ramzi sifatida uning haykali poyiga gullar qoʻyildi, faxr-iftixor va minnatdorlik ifodasi - taʼzim bajo keltirildi.

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev Nizomiddin Mir Alisher Navoiy dahosi va boy adabiy-maʼnaviy merosi Prezidentimiz olgʻa surgan Uchinchi Uygʻonish davrimizda naqadar ulkan ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etdi. 

Sirdaryolik adabiyotshunos olim, mashhur navoiyshunos va boburshunos Vahob Rahmonov ulugʻ mutafakkir bobomizni oʻzbek adabiyotining bashariyat shoiri maqomiga ega boʻlgan buyuk vakili ekanligini taʼkidlab, Alisher Navoiy “Xamsa”sining asl manbasidan, yaʼni arab yozuvidan hozirgi oʻzbek yozuviga oʻtkazilgan hamda ushbu besh dostonning nasriy bayoni toʻplamlarini viloyat hokimiga taqdim etdi.

— Navoiyni oʻqir ekanman, asarlaridagi gʻoyalar barcha zamonlarda dolzarb va ahamiyatli ekanligini anglayman, — deydi Guliston davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Ozoda Ahmadova. — Ammo hali ulugʻ shoirimiz ijodining ochilmagan juda koʻplab jihatlari bor. Kelgusida men ham ustoz olimlarimiz ishini davom ettirib, Navoiy hazratlari asarlari boʻyicha tadqiqot qilishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻyganman.

Buyuk shoir tavallud kuniga bagʻishlangan tadbirlarning adabiy – badiiy qismi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?