Navbat — chorvachilik sohasidagi xalqaro koʻrgazmaga

15:41 15 Noyabr 2023 Jamiyat
595 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Namanganda xalqaro miqyosda zotdor chorva hayvonlari va parrandalari koʻrgazmasi oʻtkaziladigan boʻldi. Tadbir uchun Yangi Namangan tumanidagi “Yoshlik baraka” chorva hayvonlari bozori tanlangan. Ayni paytda koʻrgazmaga qizgʻin tayyorgarlik koʻrish barobarida unda qatnashish istagini bildirgan ishbilarmon va tadbirkorlar hamda aholi vakillari roʻyxatga olinmoqda. Fargʻona vodiysida ilk bor tashkil etilayotgan koʻrgazmani nega aynan Namangan viloyatida oʻtkazilmoqda?

 Bu eng avvalo, hududimizda sohaning jadal taraqqiyoti bilan bogʻliq, — deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Akbarjon Egamberdiyev. — Birgina joriy yil toʻqqiz oyi yakunlariga koʻra, tirik vaznda 140 ming tonna goʻsht, 611 ming tonna sut va 500 ming donaga yaqin tuxum yetishtirilib, el dasturxoniga yetkazib berilgani va yaqqol oʻsishga erishilgani buning tasdigʻidir.

Darhaqiqat, viloyatda iqtisodiyotning ushbu jabhasi boʻyicha toʻplangan tajriba ommalashtirishga arziydi. Bunda chorva hayvonlari bosh sonini zotdor va sermahsul qoramollar hisobiga koʻpaytirish, ozuqa yetishtirish bazasini mustahkamlash ishlarining namunali yoʻlga qoʻyish masalalari alohida oʻrin tutadi. Xususan, keyingi paytlarda amalga oshirilgan 312,6 milliard soʻm qiymatga ega 83 ta istiqbolli loyihalar ijrosi bilan barcha toifadagi xoʻjaliklarda qoramollarning umumiy bosh soni 771,3 mingtaga yetdi. Joylarda 834,9 ming bosh qoʻy va echki, 6,5 million bosh parranda parvarishlanmoqda.

22-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada tadbirkorlik subyektlari, ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari, shuningdek, aholi xonadonlari parvarishida boʻlgan zotdor qoramollar, parranda, asalari va baliqlar namoyishga qoʻyiladi. Kun tartibidan sohada toʻplangan ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish bilan bogʻliq nazariy va amaliy tadbirlar ham oʻrin olgan. Ishtirokchilar orasida qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalari vakillari ham boʻlishi kutilmoqda.

Yakunda esa koʻrgazmaning eng faol ishtirokchilarini qator nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblik kutmoqda. Ular egallagan oʻrinlariga qarab 10 million soʻmdan 30 million soʻmgacha boʻlgan pul mukofotlari hamda maxsus sovrinlar bilan taqdirlanadilar.

                                                                  Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?