Navbahordagi sayyor sudda pensiya masalasi koʻrib chiqildi

11:04 09 Noyabr 2022 Jamiyat
324 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi belgilab qoʻyilgan. Boshqacharoq aytsak, davlat fuqaro pensiya yoshiga yetganida uning ijtimoiy taʼminotini kafolatlaydi va miqdori tirikchilik uchun eng zarur kam miqdordan oz boʻlishi mumkin emas.

Shunday boʻlsada, pensionerlar ishtirokidagi turli davralarda pensiyasining kamligi, qaysidir yillardagi mehnat staji inobatga olinmagani va hakazo oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlar haqidagi gap-soʻzlar tez-tez quloqqa chalinadi. Albatta, buning muayyan sabablari bor. Misol uchun, yaqinda Nurota tumanida qariyb qirq yil choʻponlik qilgan fuqaroga 700 ming soʻmga yaqin pensiya tayinlandi. Sababi, soʻnggi yillarda u mehnat qilgan chorvachilik xoʻjaligida eng kam ish haqi miqdorida oylik ish haqi tayinlanib, toʻlangan. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

— Birgina tumanimiz oʻzida yil boshidan buyon 250 nafar fuqarodan pensiya masalasida murojaatlar qabul qilindi, — deydi Navoiy viloyati Navbahor tumani adliya boʻlimi boshligʻi Elbek Fayzullayev. — Shu kunga qadar mazkur murojaatlarning 140 tasi boʻyicha zarur barcha hujjatlar toʻplanib, sudga oshirildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, mamlakatimizda fuqarolarga pensiya va nafaqa tayinlashda tub islohotlar amalga oshirilib, uning tartiblari “inson qadri uchun” tamoyili asosida soddalashtirilmoqda. Ortiqcha hujjat va qogʻozbozliklarga barham berilib, shaffoflik taʼminlanyapti. Shu bilan birga adliya idoralari tomonidan fuqarolarga pensiya tayinlashda buzilgan huquqlari tiklanib, pensionerlarning roziligi olinmoqda.

Yaqinda Navbahor tumanida Navoiy tumanlararo maʼmuriy sudi tomonidan oʻtkazilgan sayyor sudda 15 nafar pensionerning murojaati asosida tuman adliya boʻlimi daʼvolari koʻrib chiqildi hamda 13 fuqaroning daʼvosi qanoatlantirildi.

— Ish beruvchi menga haq toʻlashda uch yil toifamni inobatga olmagan ekan, — deydi pensioner Zamira Bozorova. — Sud tomonidan buni inobatga olish hamda hisoblanmagan, yaʼni toʻqqiz million soʻmga yaqin pulni toʻlashga qaror chiqardi. Shu hisobdan pensiyam miqdori ham oshadigan boʻldi.

Tuman adliya boʻlimining maʼlum qilishicha, qolgan murojaat boʻyicha ham yaqin kunlarda sayyor sud majlislari tashkil etilib, qonun ustuvorligi taʼminlanadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер