NATOning Afgʻonistondagi missiyasi yakunlandi — tashkilot Bosh kotibi

01:50 21 Avgust 2021 Dunyo
1036 0

Foto: AP

Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) Afgʻonistondagi missiyasini yakunladi, ittifoqchilar hozir faqat Kobul aeroporti hududida qolmoqda. 

Ushbu fikrlarni tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATOga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining videokonferensiyasi shaklidagi uchrashuvidan keyin aytib oʻtdi.

«NATO Afgʻonistondagi harbiy missiyasini yakunladi. Hozir ittifoqchilar aeroportda. Barcha davlatlar kuchlarni olib chiqish va texnikani qaytarish uchun hamma narsani qildi», deydi u.

Stoltenbergning taʼkidlashicha, har bir mamlakat Afgʻonistonga yetkazib berilgan qurol va texnika uchun oʻzi javobgardir. 

“Ayrim narsalar yoʻq qilindi. Ayrimlari joyida qoldi”, dedi bosh kotib Afgʻonistondagi missiya yakunlangach, ittifoqchilarning qurol-yarogʻlari va texnikalari nima boʻladi degan savolga.

“Bir qator ittifoqdosh davlatlar bugungi uchrashuvda afgʻonlarni qabul qilish taklifi bilan chiqishdi. Agar biz ularni evakuatsiya qila olsak, ularni vaqtincha yoki doimiyroq qabul qilishga tayyor boʻlgan davlatlar bor. Ular samolyotlarni yuborishga tayyor ekanliklarini ham bildirishdi”, dedi u.

“Yangi hokimiyatning tan olinishi ularning kelajakdagi harakatlariga bogʻliq boʻladi. Lekin hozirda aloqalarni saqlab turish muhim. Bizning baʼzi ittifoqchilarimiz shunday yoʻl tutmoqda”, dedi u.

Stoltenberg bunday aloqalar, masalan, odamlarning Kobul aeroportiga harakatini tashkil qilish va vaziyatni umumiy nazorat qilish uchun foydali ekanligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?