NATO rahbari Finlyandiya va Shvetsiyaning aʼzolik masalasini muhokama qilish uchun 16-fevral kuni Turkiyaga boradi

18:43 15 Fevral 2023 Dunyo
779 0

Foto: Reuters

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Finlyandiya va Shvetsiyaning ittifoqqa qoʻshilish shartlarini muhokama qilish uchun 16-fevral kuni Turkiyaga borishini aytdi.

Unga koʻra, bu davlatlar Turkiyaning barcha shartlarini bajargan va kuzgacha NATOga aʼzo boʻlishi kerak.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi yaqinida Islom dinining muqaddas kitobi — Qurʼon yoqib yuborilishi bilan bogʻliq voqeadan soʻng Shvetsiya NATOga aʼzolik masalasida Turkiya yordamiga umid qila olmasligini aytgan edi.

“Shvetsiyadagi, hattoki diplomatik vakolatxonamiz yaqinidagi bu nopok harakatlar musulmonlar, umuman, barcha insonlar, barcha huquq va erkinliklarni haqorat qilish hisoblanadi”, degan edi Turkiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishda endi yordam kutmasligi kerak, chunki mamlakat terrorchilarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda.

Shu yilning 21-yanvar kuni Daniyaning Islom diniga qarshi “Stram Kurs” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qurʼonni yoqib yubordi.

Aksiya shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan va Paludan bunday chiqish uchun toʻlovni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Stokgolm maʼmuriyati mahalliy kurdlarga ham namoyish oʻtkazishga ruxsat bergan va unda 50 ga yaqin odam yigʻilgan.

Aksiya tashkilotchisining soʻzlariga koʻra, u Turkiya Shvetsiyaning NATOga kirishiga toʻsqinlik qilayotganiga norozilik sifatida musulmonlarning muqaddas kitobini yoqib yuborgan. Avvalroq Stokgolmda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning haykali yoqib yuborilgan aksiya oʻtkazilgandi.

Oʻz navbatida, Finlyandiyaning “Iltalehti” gazetasi, agar Turkiya yoki Vengriya faqat Finlyandiya arizasini ratifikatsiya qilsa, u holda Finlyandiya Shvetsiyasiz ham NATOga kirishga tayyorligini yozdi.

Finlyandiya va Shvetsiya oʻtgan yilning fevral oyida NATOga aʼzo boʻlish uchun ariza bergan va ularning aʼzolik haqidagi arizalari Vengriya va Turkiyadan tashqari alyansning barcha aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?