NamMTI magistrantlari endi Turkiyada ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega

12:53 14 Iyun 2022 Jamiyat
195 0

Foto: Xalq so‘zi

Koʻp asrlik doʻstlik va birodarlik rishtalariga asoslangan hamda keyingi yillarda ikki davlat yetakchisining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston-Turkiya strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, barcha sohalar kabi oliy taʼlimda ham oʻzaro hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Oʻtgan hafta davomida Turkiyaning Izmir shahrida Oʻzbekiston-Turkiya oliy taʼlim muassasalari forumi boʻlib oʻtdi. Unda texnik hamda injenerlik sohasida kadrlar tayyorlaydigan 20 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari va vazirlik masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi va Turkiyaning 50 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari vakillari ishtirok etdi. Nufuzli forumda Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov ham qatnashib, bir qator manfaatli shartnomalarni imzoladi.

Unga koʻra, Turkiyaning 10 dan ortiq yetakchi oliy taʼlim muassasalari aynan Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan mustahkam aloqalarni oʻrnatdi. Ahamiyatli jihati shundaki, hamkor oliy taʼlim muassasalarining barchasi dunyoda tan olingan oʻquv yurtlari hisoblanadi.

Xalqaro forumdagi kelishuvlarning natijasi oʻlaroq, ayni kunlarda Namangan muhandislik-texnologiya institutining 14 nafar magistri Turkiyaning Gaziosmanpasha universitetida stajirovka oʻtamoqda. Mazkur stajirovka davomida vakillarimiz uchun yoʻnalishlar va mutaxassisliklar kesimida laboratoriya markazlari boʻylab uchrashuvlar tashkil etildi. Bizga yetib kelgan maʼmulotlarga koʻra, universitetning kimyo-texnologiya, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, muhandislik, robototexnika kabi laboratoriya markazlarida magistrantlarimiz tajribalar oʻtkazishdi, u yerdagi tengdoshlari bilan muloqotda boʻlishdi.

— Bu bilim va koʻnikmalarimizni yanada mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatdir,- deydi NamMTI magistranti Dostonbek Muhitdinov — Biz, bir guruh yosh tadqiqotchilar turk olimlari bilan ilmiy faoliyat boʻyicha fikrlashayapmiz, tajriba almashayapmiz.

Shuningdek, delegatsiyasi aʼzolari universitet professor-oʻqituvchilari bilan muloqot oʻtkazib, anjumanlar tashkil etish, amaliy va fundamental loyihalarda birgalikda ishtirok etish, hamkorlikda ilmiy- tadqiqot ishlarini olib borish kabi qator dolzarb masalalarni muhokama qilishdi. Tokat viloyatidagi Gaziosmanpasha universiteti rahbariyati esa delegatsiya tarkibidagi magistrantlarimizni kelasi yildan boshlab mazkur universitetda ishlash yoki doktorant sifatida ilmiy izlanishlar olib borishga taklif qildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?