NamDUga Xitoy fanlar akademiyasining Fizika va Kimyo instituti vakillari tashrif buyurdi

11:02 12 Iyun 2024 Jamiyat
307 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish allaqachon yoʻlga qoʻyilgan. Yosh olimlar dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

Namangan davlat universitetiga Xitoy fanlar akademiyasining Pekin shahridagi Fizika va Kimyo instituti vakillari tashrif buyurdi. Xorijlik olimlar hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbatida har ikki ilmiy muassasa “Xitoy va Oʻzbekistonda oʻsadigan dorivor oʻsimliklarni kam uglerodli qayta ishlash uchun asosiy texnologiyalar va uskunalar tayyorlash” mavzusidagi qoʻshma loyiha natijalarini muhokama qildilar. Ushbu loyiha uchun Innovatsion rivojlanish agentligidan 916 million soʻm mablagʻ ajratilgan.

Tadqiqotning asosiy maqsadi, Oʻzbekiston va Xitoyda oʻsadigan shirinmiya va arnebiya oʻsimliklarini kam uglerodli qayta ishlash uchun asosiy texnologiyalar va uskunalarni tayyorlashdan iborat. Hamkorlikdagi loyihada optimal quritishga erishish uchun texnologiya va uskunalar ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu uskunalar chet ellarga sotilayotgan minglab tonna turli dorivor oʻsimliklarni yuqori sifat bilan tayyorlash imkoniyatini yaratadi. Boshqa jihati, yaratiladigan uskunalarni xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida ishlatish mumkin

— Oʻzbek olimlarining yutuqlarni koʻrib, loyihamizning ijrosiga boʻlgan ishonchimiz ortdi, — deydi xitoylik professor Li Sya Chong. — Bizga Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan “Bir makon – bir yoʻl” loyihasi doirasida shunday imkoniyat berilganidan minnatdormiz.

Doʻst mamlakat olimlari ishtirokidagi davra suhbati qizgʻin muhokamalar va qimmatli fikr-mulohazalar bilan oʻtdi. Takliflar loyihani belgilangan muddatda muvaffaqiyatli amalga oshirishda xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер