Namanganlik tadbirkor yangi Jentra pulini xayriya jamg‘armasiga topshirdi

12:44 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
358 0

Foto; Qudratilla Najmiddinov / “Xalq so‘zi”

Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “Saxovat-Namangan”  xayriya jamoat fondining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlari  ko‘plab xonadonlarga quvonch olib kirmoqda. Keyingi paytlarda jamg‘arma tomonidan  600 ga yaqin moddiy ko‘makka muhtoj oilalar kafillikka olinib, 1500 dan ziyod ota-onasiz bolalarga doimiy yordam ko‘rsatilmoqda. Viloyat markazining “Yuksalish” dahasida boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun 132 xonadonga ega uch qavatli turar joy  binosi barpo etishga kirishilgani  yana bir katta savob  ish bo‘ldi.

- Ayni paytda qurilishi nihoyasiga yetkazilayotgan binoni tiklashga yuzlab saxovatli insonlar bosh qo‘shayotir, - deydi xayriya jamoat fondi boshqaruvi aʼzosi Maʼrufxon Mo‘minov. – Kimdir mablag‘, boshqa birov qurilish materiali, yana kimdir mehnati bilan ko‘maklashmoqda. Bir tadbirkor hamyurtimiz esa o‘zining  yangi Jentra avtomashinasini sotib, pulini to‘lig‘icha xayrli maqsad uchun topshirdi.

Xayriya jamoat fondi ushbu turar joy binosini yaqin vaqt ichida bitkazish harakatida. Barcha qulayliklarga ega shinam xonadonlarni muhtoj oilalarga Yangi yil bayrami sovg‘asi sifatida bepul  taqdim etish rejalashtirilgan.

     Qudratilla NAJMIDDINOV,    “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?