Namanganlik faxriylar Qoʻqon shahrida boʻldi

15:14 03 Noyabr 2022 Jamiyat
247 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida har yili 1-noyabrdan mamlakatimizda “Keksalar uchun turizm oyligi”ni oʻtkazish anʼanaga aylandi.

Ayni yoʻnalishda Namangan viloyatida ham mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, Nuroniylar jamoatchilik kengashi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlar uchun yurtimizning tarixiy, diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Kecha Namangan shahri va Pop tumanidan ellikka yaqin faxriylar Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida boʻldi.

Tarixiy shaharning «Dahmai Shoxon» majmuasi bilan tanishuv, ayniqsa, taassurotli kechdi. Nuroniylar Xudoyorxon oʻrdasi davlat muzeyidagi eksponatlarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

— Yurgan – daryo, oʻtirgan – boʻyra, deyishadi. Keksayib, qoʻlingdagi ishingni farzandlar yelkasiga olgach, boʻsh vaqting koʻpayib qolarkan. Mana shunday kezda uyda oʻtirmay, yurt kezganga nima yetsin?! — deydi poplik “Moʻtabar ayol” va “Shuhrat” medallari sohibasi Moʻtabar aya Sohibova. –Goʻzal shaharlarimizga, muqaddas qadamjolarga sayohat qilish uchun imkoniyat yaratib berishayotgani, eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishayotgani uchun tashakkur deymiz.

“Keksalar uchun turizm oyligi” tadbirlarida jadval asosida viloyatning barcha tumanlarida istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillarini Fargʻona vodiysi tarixiy maskanlari va ziyoratgohlari boʻylab safarga olib chiqish rejalashtirilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?