Namanganda yangi tugʻruqxona majmuasi va rekonstruksiyadan chiqarilgan ikkita tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi

17:52 19 Avgust 2021 Jamiyat
852 0

Viloyat markazining Islom Karimov koʻchasidagi rekonstruksiya qilingan binoda ilgari viloyat travmatologiya shifoxonasi joylashgan, ammo bir necha yillar davomida faoliyat koʻrsatmagani sababli ancha eskirib ketgan edi. Investitsiya dasturiga muvofiq mazkur maskanda amalga oshirilgan qurilish-taʼmirlash ishlaridan keyin uning oʻrnida shinam va zamonaviy tugʻruq kompleksi qad rostladi. “Namangan davr qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari bu joyni tugʻruqxonaga aylantirish asnosida 15 milliard soʻmlikdan ziyod bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdilar. Eski imorat nafaqat taʼmirlandi, balki, yoniga qoʻshimcha besh qavatli bino ham qurildi. Infratuzilmasi rivojlantirildi. Jumladan, isitish va sovutish tarmoqlari ilgʻor texnologiyalar asosida takomillashtirildi.

Viloyat markazida oʻtkir boʻlib turgan muammolardan biri – ayollarning eson-omon koʻz yorishi uchun tugʻruq oʻrinlari koʻpayishiga imkon yaratadigan ushbu yangi muassasa eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadi. Yaʼni, 4 milliard soʻmlikdan ziyod yangi apparatura va uskunalar olinadi. Shu bilan birga malakali va tajribali tibbiyot xodimlari bilan toʻldiriladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali binosi ham rekonstruksiyadan soʻng butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Filialning qurilganiga ancha vaqt oʻtgan, bino va inshootlar yaqin vaqtga kelib eskira boshlagan edi. Muassasa 2018-yilda Investitsiya dasturiga kiritildi. Katta hajmda rekonstruksiya va qayta qurish ishlari rejalashtirildi. Bugun pudratchi tashkilot – «Bunyodkor Mubosher» MCHJ tomonidan olib borilgan qariyb 48 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlarian soʻng filial yangicha koʻrinishga kirib,shart- sharoitlari tubdan oʻzgardi.

Bu yerdagi imoratlar yangi loyiha asosida, davr ruhiga hamohang ravishda tashqi va ichki tomondan sayqallandi.350 oʻrinli davolash boʻlimi binolari esa toʻla rekonstruksiya va taʼmirlashdan chiqarildi. Muhandislik tarmoqlari yangilandi. Qoʻshimcha majlislar zali qurildi. Ayni kunlarda filialni eng soʻnggi rusumdagi tibbiyot asbob-uskunalari bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Namangan shahridagi 300 oʻrinli bolalar shifoxonasi binosi ham oxorini yoʻqotib, taʼmirtalab boʻlib qolgan edi. Sharoitlarning qoniqarsizligi oʻz vaqtida aholining haqli eʼtirozlarini keltirib chiqargani ham bor gap.Endi bunday noxushliklar ortda qoldi. Chunki, muassasada katta hajmda qayta taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Quruvchilarning astoydil mehnati bilan tibbiyot maskani bugun gʻoyat koʻrkam qiyofaga kirgan. Ayni maqsad uchun davlat byudjetidan 34 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflangani kelajagimiz vorislarining salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

Eng ulugʻ, eng aziz bayramimizning 30 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan tibbiy muassasalar taqdimotida Namangan viloyati hokimi Sh. Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?