Namanganda yana bir yangi maktab binosi

10:35 06 Sentyabr 2022 Jamiyat
311 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan nufusi bir millionga yaqinlashib qolgan Namangan shahrini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Yangi Namangan tumanida aholi uchun munosib turmush yaratish yoʻlidagi amaliy ishlar koʻlami tobora kengaymoqda. Buni oʻtgan qisqa vaqt ichida barpo etilgan ijtimoiy yoʻnalishdagi bino va inshootlar qurilishi ham tasdiqlaydi. Xususan, kuni kecha hududdagi 94-umumtaʼlim maktabi uchun zamonaviy bino tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

16,8 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan 660 oʻrinli taʼlim dargohi tarkibidagi keng va yorugʻ sinf xonalari, sport zali, oshxona va faollar zali, shuningdek, zamonaviy laboratoriya, kompyuter xonalari, ochiq sunʼiy qoplamali futbol maydonchasi oʻqish va oʻqitish sifatini yuqori darajaga koʻtarish imkonini beradi.

— Bugun sizni quchogʻiga olgan koʻrkam maktab binosi hammaning havasini keltiradi, — dedi taʼlim jamoasining Bilimlar kuni tantanasiga sherik boʻlish uchun tashrif buyurgan tuman hokimi Jobir Abdullayev. — Bunday shart-sharoit va gʻamhoʻrliklarga javoban faqat aʼlo baholarga oʻqish, ota-onalar va ustozlar ishonchiga munosib boʻlishingiz kerak, albatta.

Bilim maskani taqdimoti birinchi qoʻngʻiroq tantanalari bilan uygʻunlashib chinakam bayramga aylandi. Oʻquvchilar ijrosidagi badiiy chiqishlar, maktabga ilk qadam qoʻygan bolajonlarga Prezident sovgʻalarining topshirilishi maktab jamoasi va ota-onalarning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishi tabiiy.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?