Namanganda “Turon” xalqaro universiteti ish boshladi

13:25 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
1952 0

Foto: Xalq so‘zi

Yangi oliy taʼlim muassasasi zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan axborot texnologiyalari dasturiy taʼminoti, logistika, marketing, turizm, moliya, buxgalteriya hisobi va audit, xalqaro iqtisodiyot, ingliz va rus tillari pedagogikasi, boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Bu yerda oʻquv mashgʻulotlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida tashkil etilib, taʼlim jarayoniga Hindiston, Janubiy Koreya , Malayziya, Rossiya va Polsha davlatlaridan malakali muallimlar taklif etilgan. Ular safida ilgʻor tajribaga ega mahalliy pedagoglar ham anchagina.

— Men xalqaro universitetning rus tili pedagogikasi fakultetiga kirdim, — deydi toʻraqoʻrgʻonlik Dilafruz Saydullayeva. — Eʼtiborli jihati, bu yerda tahsil jarayonlari axborot texnologiyasining eng soʻnggi rusumdagi vositalari yordamida olib borilishi yuqori taʼlim samaradorligiga zamin yaratadi.

“Turon” xalqaro universiteti zamonaviy oʻquv binosi, internet tarmogʻiga ulangan kutubxona, 200 oʻrinli faollar zali, oʻnlab kompyuterlashgan laboratoriyalar, sunʼiy qoplamali futbol maydoni, shuningdek, barcha sharoitlarga ega talabalar yotoqxonasiga ega. Mazkur universitet filial emas, bosh muassasa sifatida faoliyat koʻrsatishi bilan Oʻzbekistondagi boshqa xalqaro OTMlardan farq qiladi.

Namangan viloyatida sakkizinchi oliy oʻquv dargohi hisoblangan yangi xalqaro universitet joriy oʻquv yilining oʻzida uch ming talabani qabul qilishi rejalashtirilgan. Unda 120 nafar professor-oʻqituvchilar jamoasi mehnat qiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?