Namanganda transplantologiya masalasiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi

11:24 19 Sentyabr 2021 Jamiyat
574 0

 

Kecha, 18-sentyabr kuni Namangan viloyati kasaba uyushmasida oʻtkazilgan davra suhbati ham transplantologiya masalasiga bagʻishlandi. Unda deputatlar, hududlardagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari, jarrohlar, faollar ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Tadbirda deputatlar tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda viloyatda 894 nafardan ortiq surunkali buyrak yetishmovchiligi boʻlgan bemorlarni bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olish uchun 46 ta gemodializ apparatlari ishchi holatda faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida Sogʻliqni saqlash vazirligi orqali markazlashgan holda 11 ta gemodializ apparatlari olib kelinib, ularning 10 tasi Uychi tumaniga va 1 tasi Republika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga oʻrnatilgan.

Davra suhbatida qayd etilganidek, joriy yilning 6 oyida Chortoq, Pop, Yangiqoʻrgʻon tumanlaridan va Fargʻona viloyatidan jami 7 nafar bemorlarda buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti ilk bor viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. 2019-yildan buyon esa surunkali buyrak yetishmovchiligi boʻlgan va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilgan bemorlar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan mablagʻ hisobidan zarur dori-darmonlar bilan taʼminlangan.

Tadbirda qonun loyihasidagi normalar, bugungi kunda transplantologiya sohasini yanada rivojlantirish, bu borada yechimini kutayotgan muammolar boʻyicha qator takliflar berildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?