Namanganda tilini chaynab yuborgan bogʻcha tarbiyalanuvchisi vafot etdi

23:11 02 Avgust 2022 Jamiyat
851 0

Foto: Arxiv surat

Namangan viloyati Chust tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli 64-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 2022-yil 1-avgust kuni sodir boʻlgan noxush voqea yuzasidan Maktabgacha taʼlim vazirligi quyidagilarni maʼlum qildi.

Dastlabki oʻrganish boʻyicha, maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori, MTT hamshirasi, tarbiyachi, yordamchi tarbiyachisining soʻzlariga koʻra, 2017-yilda tugʻilgan A.Sh. joriy yilning 1-avgust kuni ertalab sogʻlom holatda MTTga sogʻlom qabul qilingan. Taʼlimiy faoliyatga yaxshi qatnashgan. Kun tartibiga koʻra tushlik qilgan va gigiyena qoidalariga amal qilgach barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan.

Tarbiyachi uyqudan uygʻonish vaqti boʻlganda avval qiz bolalarni soʻngra oʻgʻil bolalarni hojatga olib chiqish uchun uyqudan uygʻotgan. Lekin bola boshini koʻtargan va yana yotib olgan. Qizlarni hojatdan olib kelib A.Sh.ni uygʻotgan. Shunda bola tilini chaynab yuborganligini koʻrgan va zudlik bilan hamshirani oldiga birinchi yordam koʻrsatish uchun koʻtarib olib chiqqan.

MTT hamshirasi bolaga birinchi tibbiy yordamni qilib zaruriy muolajalarni amalga oshirgan va tez tibbiy yordamga xabar berilgan.

Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay bola vafot etgan. Oʻlim haqidagi maʼlumotnomaga asosan J22 Quyi nafas yoʻllarining aniqlanmagan oʻtkir respirator infeksiyasi; J81 Oʻpka shishishi oʻlim sababi etib koʻrsatilgan.

Ushbu holat yuzasidan 2022-yil 2-avgust kuni viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan dastlabki oʻrganish oʻtkazildi hamda tegishli maʼlumotlar va hujjatlar toʻplandi.

Hozirda holat yuzasidan tergov ishlari amalga oshmoqda. Tergov natija yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?