Namanganda soʻnggi ikki kunda toʻrtta yongʻin sodir boʻldi

11:50 24 Noyabr 2021 Jamiyat
750 0

Foto: Халқ сўзи

Havo sovushi bilan boshlangan isitish mavsumi hamyurtlarimizdan har qachongidan hushyor boʻlishni taqozo qiladi. Biroq yongʻin havfsizligi boʻyicha targʻibot ishlari kuchaytirilishiga qaramay, joylarda tilsiz yov bilan bogʻliq noxushliklar davom etayotgani achinarli. Masalan, 22-noyabr kuni soat 12:40 da Chust tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimining 101 qisqa raqamiga “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻini Gulzor koʻchasidagi xonadonda olov chiqqani toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushdi. Yongʻin natijasida bu yerdagi 10 dona somon bogʻlami hamda taxlab qoʻyilgan 15 dona yogʻoch toʻsinlari kuyib ketgan. Olov favqulodda vaziyatlar boʻlimi yongʻin-qutqaruvchilari tomonidan soat 13-02 da oʻchirilgan. Tezkor harakat natijasida xonadonning 200 kvadrat metr joyi saqlab qolindi.

Shu kuni soat 13:56 da Kosonsoy tumanida “Taxtakoʻprik” mahalla fuqarolar yigʻini Tinchlik koʻchasi 73-uyda ham yongʻin chiqadi. Buning natijasida yashash uyining bostirmasi tom qismidan 25 kvadrat metr joy, 150 dona presslangan somon yonib bitgan. Yongʻin tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi yongʻin-qutqaruvchilari tomonidan oʻchirilib, xavfning oldi olindi. Uychi tumani “Boyogʻon” mahalla fuqarolar yigʻini Yor koʻchasi 47-uydagi yongʻin ham maxsus xizmatning tezkor harakati bilan oʻchiriladi.

Namangan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining axborot xizmatiga koʻra, bugun tungi soat 04:02 da Namangan shahar “Kurashxona” mahalla fuqarolar yigʻini Hunarmand koʻchasi 4-berk 6-uyda yongʻin chiqib, xonadon yashash uyining shift va tom qismi 70 kvadrat metri, roʻzgʻor buyumlari, uy egasiga tegishli xujjatlar hamda ikki qoʻshnisining yashash uyi shift va tom qismi hamda qisman uy-roʻzgʻor buyumlari olov ichida qolgan. Qutqaruvchilarning zudlikda koʻrsatgan yordami bilan olov yanada kengayishiga barham berilgan.

Hozirda sodir boʻlgan yongʻinlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Namangan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yuqoridagilardan kelib chiqib, aholi va xalq xoʻjaligi mutasaddilarini yana bir bor kuz-qish mavsumida isitish maqsadida foydalanilayotgan gaz, elektr isitish asboblarini nazoratsiz qoldirmaslikka chaqiradi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?