Namanganda Prezident saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyasi aʼzolari tasdiqlandi

20:23 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
146 0

Bugun 6-Namangan saylov okrugida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun oʻtkazilgan brifingda bu haqda axborot berildi. Okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turgʻunovga koʻra, viloyatda 831 ta saylov uchastkasi tuzilgan boʻlib, ularda 11148 nafar komissiya aʼzosi ish olib boradi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining taklifi asosidagi nomzodlar orasidan tanlab olingan bu shaxslar xalq deputatlari tuman hamda shahar Kengashlari qarori bilan okrug saylov komissiyasi tasdigʻiga havola etilgan.

Vakolati eʼtirof etilgan uchastka saylov komissiyalari aʼzolari orasida xalq taʼlimi, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa idora va muassasalar vakillari koʻpchilikni tashkil etadi. Ular turli millat vakillaridan iborat boʻlib, katta qismi oliy va oʻrta maxsus maʼlumot egalaridir. Komissiyalar tarkibini shakllantirishda gender tengligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Saylovlar jarayonining muhim boʻgʻini hisoblangan uchastka saylov komissiyasi aʼzolari 14-sentyabrdan boshlab oʻz faoliyatlarini amalga oshirishga kirishadilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?