Oʻzini bloger deb tanishtirib, sudga taʼsir oʻtkazishga uringan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

14:53 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
286 0

Namanganda sudga taʼsir oʻtkazishga uringan, oʻzini bloger sifatida tanishtirgan Sh. Yu.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati xabar tarqatdi. Aniqlanishicha, Sh.Yu. jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan K. T.ga oid jinoyat ishi boʻyicha yengilroq jazo tayinlanishiga erishish maqsadida sudya qabuliga kirib, hali mazmunan koʻrib chiqilmagan ish boʻyicha intervyu berish talabini qoʻyadi.

Bunga javoban sudya qachon va qay tartibda intervyu berishiga oid qonun normalarini tushuntirib, yozma murojaat etishini soʻraganda Sh.Yu. hech qanday izohsiz chiqib ketadi.

Shundan soʻng Sh. Yu. sudlanuvchining onasi bilan telefon orqali bogʻlanib, goʻyoki sudyani “duxi”ga oʻtqazgani, oʻgʻlini jarima jazosi bilan sud zalidan olib chiqib ketishi mumkinligini, buning uchun birgalikda ikkita videorolik tayyorlash kerakligini aytadi.

Videorolikning biri “sudyaga rahmat, adolatli ekan”, ikkinchisi “sud oʻgʻlimni qamab yuboryapti, aybsiz edi, oʻzimni yoqib yuboraman” mazmunida boʻlishi kerakligi, agar sudya jarima jazo tayinlashga rozi boʻlmasa, ikkinchi videorolikni internet tarmogʻida tarqatib yuborishini bildiradi.

Buning evaziga sudlanuvchining onasidan 500 AQSH dollari talab qiladi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshirish natijasida Sh. Yu.ga nisbatan tuhmat (JK 139-modda) va firibgarlikka (JK 168-modda) qasd qilish, shuningdek, sud ishlariga aralashish, yaʼni adolatsiz hukm chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish (JK 236-modda) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?