Namanganda oʻtgan doʻstlik festivalida turfa madaniyatlar namoyish etildi

13:09 01 Dekabr 2022 Jamiyat
446 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar ziyo maskani”da “Madaniyat – millatlararo koʻprik” shiori ostida doʻstlik festivali oʻtkazildi. Ushbu xalqaro anjumanda dunyoning koʻplab mamlakatlaridan mehmonlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.

Yirik formatda ilk bora tashkil qilingan tadbir Oʻzbekiston, Hindiston, Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Qirgʻiziston Respublikasi, Zambiya, Latviya, Malayziya kabi davlatlarning urf-odatlari va madaniyatlari namoyishi bilan oʻziga xos mazmun kasb etdi.

Festivalda Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi kotibi, hind madaniyati markazi rahbari Sitesh Kumar janoblari ham ishtirok etib, bu kabi loyihalar oʻzaro doʻst va ahil mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga hissa qoʻshishini alohida taʼkidladi.

Ishtirokchilar oʻzbek milliy urf-odatlari aks etgan “Yor-yor”, “Kelin salom” singari sahna koʻrinishlarini maroq bilan tomosha qildilar. Hind raqslariyu, yoga mashqlaridan mahorat darslari, Janubiy Koreya vakillarining jonli ijrodagi musiqalari, qirgʻiz birodarlarimizning yallalari, rus raqqosalarining chiqishlari va AQSH hamda Malayziya boʻylab onlayn sayohatlar koʻngillarga ajib bir shukuh olib kirdi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?