Namanganda marhum faxriylarni yodga olib xotira turniri oʻtkazildi
Oʻtganlar xotirasini yodda saqlash va ruhlarini shod yetish xalqimiz uchun azal-azaldan muqaddas fazilat hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, olijanob fazilatlarni, shukronalik, mehr-oqibat, hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni targʻib etishda nuroniylarning oʻrni beqiyosdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab hamda Namangan viloyatida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida samarali mehnat qilib, oʻchmas nom qoldirgan marhum faxriylarni yodga olib xotira turniri oʻtkazildi.
Viloyat hokimligi hamda Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining bevosita koʻmagida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi hamda “Keksalarni eʼzozlash” jamoat fondi tomonidan oʻtkazilgan turnirda sportning shaxmat, stol tennisi, mini-futbol, belbogʻli kurash turlari boʻyicha musobaqalarda yuzdan ortiq oltmish yoshdan oshgan nuroniylar ishtirok etdilar.
Musobaqa yakuniga bagʻishlangan tadbirda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Namangan viloyati «Keksalarni eʼzozlash» jamoat fondi boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Ikromxon Najmiddinov ishtirok etib, sport yosh tanlamasligi, har birimiz mashgʻulotlar bilan muntazam shugʻullanishimiz, ayniqsa, nuroniylarning turmush tarzini sogʻlomlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Qizgʻin kurashlar ostida oʻtkazilgan musobaqalarda sportning stol tennisi boʻyicha Namangan shahri nuroniylari birinchi oʻrinni, Uychi tumani ikkinchi oʻrinni, Uchqoʻrgʻon tumani esa uchinchi oʻrinni egalladilar.
Shaxmat oʻyinining aqlni peshlashda va qariyalarning vaqtlarini sermazmun oʻtkazishda oʻrni katta. Juda ham qiziqarli oʻtgan shaxmatchilar bellashuvida birinchi oʻrinni Yangiqoʻrgʻon tumani nuroniylari, ikkinchi oʻrinni Toʻraqoʻrgʻon tumani, uchinchi oʻrinni esa Norin tumani vakillari egalladilar.
Mini-futbol musobaqalarida Namangan shahri nuroniylariga birinchi, Yangiqoʻrgʻonliklarga ikkinchi, Uchqoʻrgʻon vakillariga uchinchi oʻrin nasib etdi.
Namangan azal-azaldan polvonlar yurti. Xotira turnirining yakunlovchi kuni sportning belbogʻli kurash turida yosh va vazn toifalari boʻyicha musobaqalarda keksa kurashchi polvonlar ishtirok etdilar. Toʻraqoʻrgʻondan Alijon Latipov, Neʼmatilla Toʻychiyev, Uychidan Axmadjon Mallaboyev, Yangiqoʻrgʻondan Baxtiyor Yusubbekovlar birinchi oʻrinni , Popdan Solijon Umarov, Baxtiyor Usmanov, Norindan Qodirjon Xaydarov, Kosonsoydan Maxsudjon Ustaboyevlar ikkinchi, Yangiqoʻrgʻondan Vahobjon Satimov, Chortoqdan Habibullo Oxunov, Zokirjon Mamadaliyev, Odiljon Jalilov, Uychidan Muhammadsodiq Yusupov, Yusupjon Qodirov, Alixon Mallaboyev, Uchqoʻrgʻondan Abdulvahob Djumaboyevlar uchinchi oʻrinni egalladilar.
Namangan shahridagi Z.M.Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida joylashgan “Nuroniylar maskani”da Xotira turnirining yakunlovchi qismiga bagʻishlangan tantana tadbirni viloyat hokimi, Namangan viloyati “Keksalarni eʼzozlash” jamoat fondi Vasiylar kengashi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Sh.Abdurazakov kirish soʻzi bilan ochdi. Viloyat hokimi eli-yurti farovonligi va taraqqiyoti yoʻlida fidoyilik koʻrsatib, ibratli umr kechirib oʻtib ketgan oʻn olti nafar hamyurtlarining farzandlari va qarindosh-urugʻlari huzurida marhum ustozlarning xizmatlarini birma-bir taʼrifladi. Ushbu xayrli tadbir ishtirokchilariga qarata Ona – Vatan ravnaqi va el-yurt farovonligi uchun fidoyi, xalq manfaatlarini muqaddas bilgan, eʼtiqodlariga sodiq insonlarning zurriyotlari, qarindosh-urugʻlari, shogirdlari ham bizning bosh maqsadimiz – Yangi Oʻzbekiston barpo etishda fidokorona mehnat qilib, yoshlarni vatanparvarlik va ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda ota-bobolari izidan borib jonbozlik koʻrsatishlariga ishonchi komil ekanligini alohida taʼkidladi.
Xotirasi yodga olinayotgan marhum faxriylarning oila-aʼzolari vakillariga viloyat hokimligi va “Keksalarni eʼzozlash” jamoat fondining “Eʼtirof va eʼzoz” minnatdorchilik maktublari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir yakunida oʻtganlarning ruhlarini shod etish maqsadida xayr-ehson dasturxoni yozilib, marhumlar haqqiga fotiha oʻqildi. Fidoyi hamyurtlari ruhlarini shod etib qadrlaganlar, alaloqibat oʻzlari ham qadr topajakdir.
Dilmurod QIRGʻIZBOYEV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring