Namanganda maktab oʻquvchilari ustozi koʻmagida limondan elektr toki hosil qilishdi

16:35 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
622 0

Fanda juda koʻp kashfiyotlar yaratilgan. Biroq, ularning koʻpchiligi nazariya holatida, yaʼni, qogʻozdagina xolos. Masalan, olimlar turli manbalar yordamida elektr quvvati yaratish usulini kashf qilishgan. Uchqoʻrgʻon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari ustozlari Hilola Toʻychiboyeva koʻmagida bu usulni laboratoriya sharoitida amalda sinab koʻrishdi. Ular voltmetr va zarur uskunalardan foydalangan holda limondan elektr toki hosil qilishdi.

Maktabning yosh biologlari izlanish va intilishlari ham fiziklardan kam emas. Ular yaratgan innovatsion ixtiro iqtisodiy farovonlik va jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega. Oʻquvchilar biologiya oʻqituvchisi Matluba Roʻzimova bilan birgalikda mini-issiqxona yaratib, unda qulupnay yetishtirishni sinovdan oʻtkazishmoqda. Eʼtiborlisi, issiqxona innovatsion suv taʼminoti va sugʻorish texnologiyasiga ega.

Maktabning kimyo fani oʻqituvchisi Nigora Nishonova esa “Atom tuzilishi, kvant sonlari” mavzusidagi darsda atomning tuzilishini qoʻlda yasalgan modellar asosida tushuntirib, mis, oltingugurt, uglerod kabi kimyoviy elementlarning atom tuzilishi toʻgʻrisidagi innovsion usulni darsga tatbiq etdi.

Bugun 1132 nafar oʻquvchi tahsil olayotgan ushbu ilm dargohida oʻquv mashgʻulotlarini zamonaviy laboratoriya vositalaridan samarali foydalangan holda tashkil etilayotgani, ustoz va shogirdlarning ijodiy izlanishlari natijasida bu singari innovatsion intilishlar koʻlami tobora kengayib borayotir.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?