Namanganda Gullar festivali uchun 25 million tup koʻchat yetishtirilmoqda

13:20 09 Fevral 2022 Jamiyat
516 0

Foto: Arxiv surat

Ushbu koʻchatlar Davlatobod tumanidagi maxsus plantatsiya va issiqxonalarda parvarishlanayotir. Mazkur tuman davlatimiz rahbarining maxsus qarori bilan gulchilikka ixtisoslashtirilgan hududlardan biri. Oʻtgan yili bu yerda Gulchilar assotsiatsiyasi tashkil etilib, 250 dan ziyod nafosat oshuftalari aʼzo boʻlib kirgan edi.

— Aʼzolarimizning har biri oʻzi uchun ajratib berilgan 25 sotix maydonda gulchilik bilan shugʻullanadi, — deydi assotsiatsiya rahbari Obidxon Qodirov. — Ularning koʻpchiligi mahalliy navlar qatorida xorijdan keltirilgan koʻchatlarni koʻpaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Ayni harakatlar natijasida begoniya, geran, gultojixoʻroz va boshqa koʻplab gullarning bahordan kech kuzgacha ochilib turadigan turlari parvarishi keng yoʻlga qoʻyildi. Anʼanaviy festival arafasida bu koʻchatlar shahar koʻchalari, xiyobon va bogʻlarga koʻchirib oʻtqaziladi.

Aytish kerakki, gulchilik namanganliklarga ajdodlardan meros. Xususan, viloyat markazida turfa gul-chechaklarsiz hovlini uchratish qiyin. Keyingi yillarda havaskorlikdan asosiy yumushga aylanayotgan bu hunar tobora ommaviylashmoqda. Shundan kelib chiqib, yaqinda Davlatobodda ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi tashkil etildi.

O. Qodirovning aytishicha, ushbu markazda 80 nafar tinglovchi bir yarim oy davomida oʻqitiladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga 10 sotixdan bir gektargacha yer beriladi. Buning uchun alohida gulchilik klasteri ham tashkil etilgan.

Yildan-yilga nufuzi ortib borayotgan Gullar festivali endilikda xalqaro miqyos kasb etib ulgurgan. Millionlab nafosat ishqibozlari intiqib kutadigan anjumanning joriy yilgi tadbirlari har qachongidan zavqli oʻtishi tabiiy. Buni hozirdanoq boshlab yuborilgan tayyorgarlik tadbirlari koʻrsatib turibdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?