Namanganda  go‘shtini sotish  maqsadida eshaklar so‘yilgani rostmi?  

11:47 19 Oktyabr 2021 Jamiyat
241 0

Ijtimoiy tarmoqlarda  Namanganda  eshak go‘shtini sotishni ko‘zlab nopok  ishga qo‘l urgan kimsalar haqida tarqalgan xabar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.  Xabarda Namangan shahri Boburshoh ko‘chasidagi chiqindi qutilardan biriga so‘yilgan  eshakning suyak va ichki aʼzolari tashlab ketilgani, tegishli idoralar tomonidan ushbu holatga  aniqlik kiritish harakati olib borilgani keltiriladi. Aslida voqea qanday bo‘lgan edi?

Namangan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Toza hudud” DUK, “Musaffo iqlim” masʼuliyati cheklangan jamiyati va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining tezkor saʼy-harakatlari natijasida hayvon chiqindilarini  Uychi tumani Yorkatay mahallasida yashovchi A. B. o‘zining “Moskvich” mashinasida olib kelib, maxsus qutiga tashlab ketgani aniqlandi.  U akasi N.B. bilan  noqonuniy ishga qo‘l urgan.  Surishtiruv chog‘ida N.B. bozordan uch bosh eshakni sotib olib, ularni so‘ygach, go‘shtini Namangan shahridagi hayvonot bog‘iga topshirganini maʼlum qildi. Buni hayvonot bog‘ida ekspeditor bo‘lib ishlovchi shaxs ham tasdiqladi.

 Bir qaraganda, hammasi to‘g‘ridek. Biroq, chuqurroq mulohaza qilinsa, haqli savol tug‘iladi. Agar eshakning go‘shti haqiqatan ham   hayvonot bog‘iga olib ketilsa, bir yo‘la suyaklari bilan  topshirilishi kerak emasmidi?  Boz ustiga hayvon mohir qassob tomonidan so‘yilganki, go‘shti qovurg‘a suyaklaridan silliq ajratib olingan.

Tekshiruv davomida bo‘g‘izlangan eshaklar va ularning ajratilgan terilari,  eshak go‘shti deb gumonlangan  lahm go‘sht mahsulotlari, uch dona eshakning ichki aʼzolari  aniqlanib, tegishli tartibda xujjatlashtirilgan. Fotosuratlarda maʼlumot berilishicha, mazkur chiqindi tashlash joyiga  eshak suyaklari  joriy yilning 27 avgustidan  buyon  uch  marotaba olib kelingan.

 Surishtiruv  davomida topilgan lahm go‘sht va terilar belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Ayni paytda  mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

  

Q. NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.

                                     

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?