Namangandagi bir oila tarvuzdan zaharlangani rostmi?

14:07 15 Avgust 2022 Jamiyat
644 0

Foto: Arxiv surat

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Namangan viloyati Norin tumanida tarvuzdan zaharlanganlar koʻpayib ketdi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Ayrim manbalarda hattoki bir oilaning ikki nafar aʼzosi ayni sabab bilan vafot etgani ham keltirilmoqda.

Xoʻsh, bu haqiqatmi? Aslida nima boʻlgan?

“Xalq soʻzi” muxbiri ushbu savollarga oydinlik kiritish maqsadida Norin tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Naima Xolmirzayeva bilan bogʻlandi.

— Haqiqatan, 11-avgust kuni ertalab tumanning Katta Yaydoq mahallasida yashovchi Hamroqulovlar oilasining 4 nafar aʼzosi qorin ogʻrigʻi bilan shifoxonamizga keldi. Tekshiruvlar asosida ularga diareya tashxisi qoʻyilib, yuqumli kasalliklar boʻlimiga yotqizilgan. Kasallik sabablarini aniqlash uchun bemorlardan zarur tahlil namunalari olindi va viloyatdagi tegishli laboratoriyaga yetkazildi. Laboratoriyaning aniq xulosalari olinmay turib, bemorlarning aynan tarvuzdan zaharlangani haqida shov-shuv qilish nojoizdir.

Ayni masalani oʻrganish asnosida «Pishiqchilik mavsumida sevib isteʼmol qilinadigan poliz mahsulotlari, xususan, tarvuz-qovunda insonni oʻlimgacha olib boradigan darajada zahar toʻplanishi mumkinmi?» degan savolga kimyo fanlari nomzodi Ahmadjon Siddiqov shunday javob berdi:

— Odatda poliz mahsulotlari hosildorligini oshirish uchun koʻproq selitra oʻgʻitidan foydalaniladi. Bu mineral oʻgʻit ekinga qancha koʻp solinmasin, u konsentratsiya jarayonida oʻsimlikning ildizi, tanasi va shohlariga tarqalib ketadi. Mevasigacha yetib borgan holda ham inson vafotiga sabab boʻladigan darajada toksik modda toʻplashi hayotda deyarli uchramaydi.

Norin TTB bosh shifokorining aytishicha, ayni paytda bemorlar - 1986 va 1991-yilda tugʻilgan er-xotin va ularning ikki farzandi ahvoli yaxshi. Bugun-erta ularga shifoxonadan chiqishga ruxsat beriladi.

Maʼlumot uchun. Voqea sodir boʻlgan xonadonning 1954-yilda tugʻilgan boshligʻi J. Hamroqulov va uning turmush oʻrtogʻi 63 yoshli M. Ergasheva vafoti esa boʻyicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер