Namanganda eng olis hududlar aholisi suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlanmoqda

13:40 03 Noyabr 2022 Jamiyat
295 0

Foto: Xalq so‘zi

Odatda kommunal xizmat sohasida barchani birday rozi qilish qiyin. Biroq isteʼmolchilar manfaatiga ustuvor eʼtibor berish va ish yuritish mexanizmini qatʼiy tartibga solish orqali bunga erishsa boʻladi. «Hududgaz Namangan» gaz taʼminoti filiali tomonidan viloyatning olis manzillari aholisiga suyultirilgan gazni bir maromda yetkazib berish borasidagi ijobiy oʻzgarishlar zamirida ham ayni haqiqat mujassam.

Masalan, Pop tumanining «Chodakboshi» mahallasi viloyat markazidan 120, tuman markazidan esa 55-60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ushbu hudud ahli ham «Poptumangaz» gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz toʻldirilgan ballonlar bilan oyma-oy, belgilangan vaqtda taʼminlanmoqda.

— Hatto kuz-qish mavsumida ham taʼminotning barqarorligi saqlanyapti, — deydi ushbu mahalla faoli Imomali Usmonov. — Keyingi paytlarda toʻlovlarni maxsus karta orqali amalga oshirilayotgani esa ayni muddao boʻldi.

Tizim xodimlari gaz ballonlarini tarqatish davomida turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun yoqilgʻidan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etish lozimligi xususida takror-takror tushuncha berishmoqda.

— Mazkur mahallada 213 nafar suyultirilgan gaz isteʼmolchisi boʻlib, gaz ballonlari ortilgan maxsus avtomashina 30-35 kun oraligʻida kelishi yoʻlga qoʻyilgan. Mana, kuni kecha chodakboshiliklarga yana 220 dona maishiy gaz ballonlarida 4,4 tonna yoqilgʻi yetkazib berildi, — deydi «Poptumangaz» gaz taʼminoti boʻlimi rahbari Toʻraxon Tojiyev.

Bu birgina «Chodakboshi»dagi manzara. Taʼminot izchilligini mustahkamlash bilan bogʻliq izchil saʼy-harakat viloyatning barcha hududlarida kuzatilmoqda. Zotan, butun yil boʻyi, ayniqsa, qishning qirovli kunlarida har bir xonadonda “zangori olov”ning gurullab yonib turishiga nima yetsin?!

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?