Namanganda bu yil 58 ming 809 nafar kichkintoy maktab sabogʻini olishga kirishdi

17:04 05 Sentyabr 2022 Jamiyat
341 0

Foto: Xalq so‘zi

58-umumtaʼlim maktabi Toʻraqoʻrgʻon tumanining namunali bilim dargohlaridan. Markazdan yigirma chaqirim olisda joylashgan mazkur bilim maskanida ham yangi oʻquv yili yuksak koʻtarinkilik bilan boshlandi. Bu yerda tugallangan oʻquv yili yakunlari bilan 14 nafar yigit-qiz oliygoh talabasi boʻlgan edi. Joriy oʻquv yilida 108 nafar kichkintoylarning ota –onalari oʻz dilbandlarini katta ishonch bilan tajribali va mehribon ustozlar tarbiyasiga topshirishdi. Bugun erta tongda tantanali nishonlangan birinchi qoʻngʻiroq marosimida yangi oʻquv yili vazifalari, maktab va oila hamkorligi masalalari xususida soʻz bordi. Shundan soʻng oʻquvchilar sinf xonalariga kirib, “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida mustaqillik darsi bilan mashgʻulotlarni boshladilar.

Namangan viloyatidagi 716 ta umumtaʼlim maktablarining barchasida yangi oʻquv yili mashgʻulotlariga ana shunday baland ruhda kirishildi. Shu oʻrinda taʼlim muassasalarining imkoniyatlari mustahkamlanib, ularda oʻqish va oʻqitish sifati koʻtarilib borayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.

— Yaqinda oʻtgan oʻquv yili yakunlarini tahlil qildik, — deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Muzaffar Isayev. — 11380 nafar yoshlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlab, 1100 bitiruvchimiz muddatidan oldin nufuzli xalqaro OTMlar talabasiga aylangani pedagoglarimizning sharafli mehnati samarasidir. Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan oʻgʻil-qizlarimiz bugun — erta oliygohlarga toʻla qabul qilinishi bilan umumiy natijalar keskin koʻtariladi.

Maʼlumot uchun, 2022-yilning oʻzida viloyat boʻyicha investitsiya va unga qoʻshimcha dasturlar asosida 5 ta maktabda mukammal taʼmirlash, 14 tasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 6 ta oʻquv dargohida mashgʻulotlar yangi qurilgan binolarda boshlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?