Namanganda bir kunda ikki avtomobilni oʻgʻirlagan shaxs ushlandi

15:03 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
440 0

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati

Namanganda bir kunda ikki avtomobilni olib qochgan shaxsga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyati Chust tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro joriy yilning 8-sentyabr kuni soat 01:00 larda  Chust tumani IIB navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq qilib, shu kuni soat 00:30da unga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomobili nomaʼlum shaxs tomonidan yashash uyi oldidan olib qochib ketilganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni va avtomobilni topishda amaliy yordam berishni soʻragan.

Mazkur holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyatchiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni Chust tumani “Dasht” koʻchasida yashovchi 16 yoshli fuqaro sodir qilganligi aniqlanib, jabrlanuvchiga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomobilni Namangan shahar Navoiy koʻchasi hududiga tashlab, nomaʼlum tomonga qochib ketganligi aniqlangan.

Voyaga yetmagan fuqaroni ushlash choralari koʻrilib, Chust tumani markazida “VAZ-2106” rusumli avtomobilni boshqarib yurgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. Ushbu avtomobil kimga tegishli ekanligi toʻgʻrisida oydinlik kiritilganda oʻsha fuqaro ushbu kuni “Matiz” rusumli avtomobilni tashlab, soat 08:00 larda Chust tumani “Pansada” MFYga borib, shu mahallada yashovchi 22 yoshli fuqaroga tegishli boʻlgan “VAZ-2106” rusumli avtomobil yashash uyi oldida eshigi ochiqligi va kaliti oʻzida ekanligidan foydalanib olib qochganligi aniqlangan.

Shu kunni oʻzida voyaga yetmagan fuqaro Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.Tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?