Namanganda "Besh tashabbus” festivali g‘oliblari 1 milliard so‘mlik jihozlar bilan taqdirlandi

16:43 17 Noyabr 2021 Jamiyat
547 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbus  doirasidagi keng qamrovli ishlar kelajagimiz vorislarini yuksak marralar sari ruhlantirmoqda. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, o‘tkazilayotgan tanlovlar, festivallar doirasida  Namangan viloyatidagi 712 ta taʼlim muassasasining 500 ming nafardan ortiq  iqtidorli o‘quvchilari joriy yilda turli tanlov va musobaqalarda  faol ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra 203 nafar o‘g‘il-qiz muvaffaqiyatli o‘rinlarni egalladi.

Namangan viloyat madaniyat markazida  “Besh muhim tashabbus” tadbirlarida  o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan maktablarni taqdirlashga bag‘ishlangan bayram festivali tashkil etildi. Unda g‘olib maktab jamoalarga vazirlikning diplom, sertifikat  va qimmatbaho mukofotlari taqdim etildi. Yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan maktablarga  bir milliard so‘mlik robototexnika, musiqa va sport anjomlari  sovg‘a qilindi.

Taqdirlash marosimida festival g‘oliblari, ishtirokchi, kuzatuvchi va mehmonlar bu yerda tashkil etilgan  ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar. Unda namoyish etilgan  ijodiy ishlar, o‘quvchilar va ilm dargohlari jamoalarining izlanishlari mahsuli, axborot texnologiyalari va ularning ish samaradorligi bilan bog‘liq vositalar barchada katta taassurot qoldirdi.

    Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?