Namangan viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 484 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilindi

11:45 01 Noyabr 2022 Jamiyat
516 0

Foto: Xalq so‘zi

Ulardan biri yangiqoʻrgʻonlik Farhod Ikromov oʻzganing mulkka boʻlgan huquqini firibgarlik yoʻli bilan talon-taroj qilgani uchun ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi. Ishning barcha tafsilotlarini obdon koʻrib chiqqan jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudi sudlanuvchining aybiga iqrorligi, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisoblab, uning shaxsini, sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini, jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligini eʼtiborga oldi. JKning 57-moddasini qoʻllagan holda aybli deb topdi va axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. F. Ikromov sud zalining oʻzida qamoqdan ozod qilindi.

Yana bir fuqaro – Namangan shahrida yashovchi Jamshid Gʻoibboyev ham firibgarlikda ayblanib, JKning 168-moddasi 4-qismi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Uning ishini koʻrib chiqqan sud xayʼati ham insonparvarlik tamoyillariga asoslangan holda masalaning yengillashtirish jihatlaridan kelib chiqib, unga axloq tuzatish jazosini tayinladi va oilasi bagʻriga qaytardi.

Umuman olganda, Namangan viloyatidagi jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 2022-yilning toʻqqiz oyi davomida 484 nafar shaxs sud zalining oʻzida qamoqdan ozod qilingan. JK 57-moddasi tartibida jinoyat sodir etgan 1054 nafar yoki 22,4 foiz shaxslarga yengilroq jazo tayinlangan, 103 nafar shaxs shartli hukm qilingan. Shuningdek, 954 nafar shaxs taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. 1317 kishi jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan boʻlib, 53 nafarining jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan.

Ayni raqamlar kuni kecha Namangan viloyati sudida sudlar raislari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirokida joriy yilning toʻqqiz oylik yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida qayd etildi. OAV vakillari va blogerlar taklif etilgan anjumanda oʻtgan davr ichida viloyatdagi sud idoralari tomonidan koʻrib chiqilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda maʼmuriy ishlar tahlili, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan chiqarilgan ayblov hukmlari, jazo amaliyoti, ishlarni yuqori instansiyalarda koʻrilish holati, oqlov hukmi, sudlanganlik holati, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili, huquqiy targʻibot ishlari hamda sohaga oid boshqa maʼlumotlar haqidagi axborotlar ochiqlandi.

Jurnalist va blogerlar tadbir jarayonida ayrim sud va sudyalar faoliyatidagi kamchiliklar, sohadagi yangiliklar yuzasidan savollarga javob oldilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?