Namangan viloyati: sayyor qabul natijalari qanday boʻldi?

20:33 09 Noyabr 2020 Jamiyat
274 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida Namangan viloyati aholi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.

Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq va Uchqoʻrgʻon tumanlarida tashkil qilingan sayyor qabullarda asosan sud-huquq, uy-joy va moddiy yordam ajratish, gaz, elektr energiyasi taʼminoti, yoʻllar taʼmiri, mehnat va bandlik kabi masalalarda murojaatlar kelib tushdi. Ichki ishlar, bank, prokuratura, sogʻliqni saqlash, kadastr singari sohalar boʻyicha ham murojaatlar koʻp boʻldi.

Muloqotlar davomida turli soha mutasaddilari qator murojaatlarni joyiga chiqib oʻrgandi. Muammolarga birgalikda yechim topish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solindi.

Bir misol – Chortoq tumani “Oromgoh” mahallasida joylashgan 49- umumtaʼlim maktabida kompyuter yetishmas, internet tarmogʻi yoʻq, atrofdagi yoʻllar esa taʼmirtalab edi. Bu uch muammoni tegishli sohalar mutasaddilari birga oʻrganib, birga hal qilib berishdi. Deylik, Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosarining oʻrganishlaridan soʻng mazkur 49-maktabga 16 dona kompyuter jamlanmasi, badiiy adabiyotlar toʻplami, sport anjomlari yetkazib berildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari esa 7 km. optik tolali aloqa tarmogʻi tortilishi va maktabning internet tarmogʻiga ulab berilishini, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullari esa maktab atrofidagi 1,5 ming kvadrat metr yoʻlakda asfaltlab berilishini taʼminladi.

Bir maktabdagi uch muammoning uygʻun hal qilinishi – xalq bilan muloqot tizimi turli sohalar vakillarining muammolarga birgalikda yechim topishi uchun ham nihoyatda muhim platforma boʻlayotganiga, kuch-imkoniyatlar birlashayotganiga birgina misol, xolos.

Darvoqe, viloyatdagi sayyor qabullarda Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosariga murojaatlardan soʻng Pop va Chust tumanlaridagi ikkita maktabni rekonstruksiya qilish masalasi kelgusi yilgi dasturlarga kiritiladigan boʻldi, 6 nafar murojaatchi xalq taʼlimi tizimida ish boshladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosariga murojaatlar asosida 12 ta xonadonga internet tarmogʻi tortildi. Oʻtgan galgi sayyor qabullarda Uchqoʻrgʻon tumani “Qoʻrgʻontepa”, “Paxtachi”, “Birlik” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisidan “4G” tezlikdagi internet tarmogʻini oʻrnatish borasida murojaatlar kelib tushgan edi. Oʻrganishlardan soʻng bu hududda keng qamrovli tayanch stansiyasi oʻrnatildi. 7 km. optik tolali aloqa tarmoqlari tortilib, 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari internetga ulandi.

Bu galgi sayyor qabullar jarayonida esa hududdagi 10 mingdan ziyod aholiga koʻchma savdo shoxobchalari orqali «Uzmobayl» milliy operatorining mobil aloqa kartalarini yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga murojaatlar asosida Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Uchqoʻrgʻon, Chortoq tumanlarida 1,8 km. dan ziyod yoʻl asfalt qilindi, 3,6 km. chang-loy koʻchalar tosh yoʻlga aylantirildi, 1,5 km. yoʻl taʼmirlandi. Jumladan, Chortoq tumanidagi mana bu mahallaga “Nurafshon”, koʻchaga esa “Obod” deb nom qoʻyilgan. Biroq bu koʻchadan saratonda chang yutib, qahratonda botqoqqa botib yoʻl bosadigan har qanday inson nurafshonlikni ham, obodlikni ham his qilmasligi tabiiy. Yoʻq joydan buzilajak asablar badalini-ku aytmasa ham boʻladi.

Mahalla ahli sayyor qabulga kelib murojaat qilgach, “Nurafshon” mahallasining “Obod” koʻchasiga – 1,6 km. yoʻlga tosh-shagʻal toʻshaldi. Mahallada mana shunday ahvoldagi yana toʻrtta koʻchani ikki kun ichida toʻliq shagʻallash boʻyicha reja belgilab olinib, ishga kirishildi.

Xuddi shunday murojaatlar asosida Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Istiqlol” mahallasi Mirishkor koʻchasining 1,1 km. qismi shagʻallandi, “Obod” mahallasidagi Yakkatut koʻchasida esa asfaltlash ishlari boshlandi.

Sayyor qabullarda aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari –elektr energiyasi, gaz, koʻmir, ichimlik suvi taʼminotidagi qator muammolar ham hamjihatlikda hal qilib berildi. Deylik, Chortoq tumani “Doʻstlik” mahallasi aholisi oʻn-oʻn besh yildan buyon elektr taʼminotidagi uzilishlar girdobida kun kechirib kelardi. Simyogʻochlar eskirgan, transformator quvvati past – xonadonlardagi elektr chirogʻi shamchiroqdan deyarli farq qilmay qolgan edi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi oʻrinbosariga murojaatlardan soʻng mahallaga qoʻshimcha 250 kilovatli transformator oʻrnatildi. Koʻchadagi temir-beton tayanchlarni yangilashga kirishildi.

Yoki chegaradosh hududda joylashgan Uchqoʻrgʻon tumani “Obod” mahallasidagi elektr tarmogʻi deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, yolgʻondan shamol tursa, chindan chiroq oʻchib qolardi. Qishli-qirovli kunlarda hatto televizor koʻrish ham muammoga aylangan edi. Mahalla ahlining murojaatidan soʻng bu yerda ham katta quvvatli yangi transformator, temir beton tayanchlar oʻrnatilib, 2,7 km. tarmoq tortish ishlari boshlandi.

Chortoqning Alixon adirliklari bagʻrida joylashgan “Dehqonobod” qishlogʻi aholisini esa ichimlik suvi muammosi bir necha yildan buyon qiynab kelardi. Sayyor qabuldagi murojaatdan soʻng bu masala ham hal etiladigan boʻldi. Amaliy ishlar esa allaqachon boshlab yuborildi.

«Hududgaztaʼminot» AJ raisi oʻrinbosariga murojaatlardan soʻng esa aholiga 6 ming 745 dona gaz ballonida 134,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi, 15 ta mahallaning tabiiy gaz bosimi meʼyoriga keltirildi. Oʻzbekiston temir yoʻllarining “Koʻmir taʼminot” korxonasi masʼullariga murojaatlardan soʻng esa esa 40 ta oilaga 66 tonna, 12 ta mahallaga 150 tonna koʻmir mahsulotlari yetkazib berildi. Deylik, Uchqoʻrgʻonning “Yorqin hayot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shavkat Qoʻchqorovning murojaatidan soʻng hududdagi Gulshan, Samarqand, Nizomiy koʻchalaridagi xonadonlar koʻmir bilan taʼminlandi.

Sud-huquq sohasiga oid murojaatlar ham qonuniylik va adolat tamoyillari asosida koʻrib chiqildi. Oliy sud oʻrinbosariga murojaatlar asosida oʻtkazilgan sayyor sud majlislari yakunida 40 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Madaniyat vazirligi masʼullariga murojaatlar asosida abgor ahvoldagi 7 ta madaniyat markazi kelgusi yilgi dasturlarga kiritiladigan boʻldi. Kadastr agentligi masʼullari 40 nafar murojaatchining kadastr yigʻma jildlarini rasmiylashtirib berdi. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosariga murojaatlardan keyin 16 nafar murojaatchiga davolanish uchun order, qariyb 30 nafar murojaatchiga protez-ortopediya buyumlari berildi.

Qisqa aytsak, Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Chortoq va Uchqoʻrgʻon tumanlaridagi sayyor qabullarda 1 ming 878 ta murojaat asosida 1 ming 929 ta masala koʻrib chiqildi. Ularning 1 ming 167 tasiga joyida yechim topildi, 177 ta murojaat egasiga tushuntirish berildi, 585 ta murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?