Namangan viloyati: iqtisodiy taraqqiyot bilan — ijtimoiy farovonlik sari

15:07 25 Mart 2024 Jamiyat
834 0

Oʻz salohiyatini dunyoga namoyish etayotgan Yangi Oʻzbekistonning shiddatli odimlari hududlarda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning natijadorligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Buni birgina iqtisodiyotning barcha jabhasida muntazam oʻsishga erishayotgan Namangan viloyati misolida ham kuzatish mumkin.

Bugungi kunda uch million nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mintaqadagi yangi davr manzaralari shahar va qishloqlar jamoli, iqtisodiyot rivoji, ezgu niyatli viloyat ahlining yuqori kayfiyatida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Erishilayotgan natijalar negizida davlatimiz rahbarining har bir viloyatning xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, yangi korxonalar tashkil etish, ishchi oʻrinlari yaratish, bunyodkorlikning barcha yoʻnalishiga oid topshirigʻiga asosan amalga oshirilayotgan kompleks ishlar turibdi.

Oʻttiz foiz oʻsishni taʼminlagan yirik loyiha

Aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish — iqtisodiy jabhadagi islohotlar va ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar koʻlami bilan bevosita bogʻliq. Viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb etish barobarida, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash jadal oʻzlashtirilib, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini tobora koʻpaytirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Bunda yirik ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes subyektlarining istiqbolli loyihalari davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ijrosi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilishi ulkan samara bermoqda.

— Ishni kichik sex ustaxonasida boshlagan davrimizni yaxshi eslayman, — deydi Namangan shahridagi «Fazman textilye» masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi, «Shuhrat» medali sohibi Neʼmatjon Fatxiddinov. — Yakka tartibdagi buyurtma asosida liboslar tikardik. Xomashyo, zamonaviy dastgohlar, bozordan oʻrin topish masalasida koʻp qiyinchiliklar uchragan. Baʼzan nosogʻlom raqobat, byurokratik toʻsiqlarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelardi. Endi hammasi ortda qoldi. Ayniqsa, keyingi besh-olti yilda barqaror rivojlanish yoʻliga tushib oldik. Keyingi paytda 20 million AQSH dollari qiymatidagi navbatdagi loyihamiz nihoyasiga yetkazilishi bilan imkoniyatlarimiz keskin ortganini taʼkidlash lozim. Uchinchi korxonani mahsulotimizga ortib borayotgan eksport talabidan kelib chiqib bunyod etdik. Butun MCHJ boʻyicha yaratilgan ish oʻrinlari soni mingtaga yaqinlashib qoldi.

Endilikda Namanganning yirik tekstil subyektlaridan biriga aylangan ushbu korxona ahli uchun oʻtgan yilning fevral oyi bir umr yodda qoladi. Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida bu yerda yaratilgan ishlab chiqarish salohiyati, mehnat jamoasi uchun hozirlangan shart-sharoitlar bilan tanishib, tikuvchilar faoliyatiga yuqori baho beradi.

Samimiy eʼtirof tikuvchilarni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirdi. Buni, jumladan, loyiha keyingi bosqichiga muvofiq bunyod etilgan yangi korxonani zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlash nihoyasiga yetkazilib, qoʻshimcha yuzta ish oʻrni yaratilgani, bosqichma-bosqich quvvatga erishilayotganida koʻrish mumkin.

Pirovard natija ham shunga yarasha — yarim million donadan koʻproq bejirim kostyum shim tikilib, bir yilning ichida 30 foiz oʻsishga erishildi. 475 million AQSH dollariga teng eksport amaliyotlari bajarildi. Uning 1,5 million dollariga teng qismini germaniyalik hamkorlar xarid qilishdi.

Bu singari oʻsish surʼatlari butun viloyat sanoatida ham kuzatilayotgani kishini quvontiradi. Oʻtgan yili sohadagi korxonalar soni 4909 taga yetib, ular tomonidan 20,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Erishilgan koʻrsatkich 2019-yildagiga nisbatan 11,7 trillion soʻmlik yoki ikki baravardan koʻproq ortiqligi diqqatga sazovordir.

Kichik biznes uchun katta maydon

Davlat rahbarining bultur viloyatga tashrifi manzillaridan biri — «Barkamol avlod» kichik sanoat va tadbirkorlik zonasi qisqa vaqt ichida 46 ta loyiha tashabbuskorini bagʻriga oldi. Oʻn gektar maydonda joylashtirilgan 250 milliard soʻm qiymatdagi ushbu loyihalarning salmoqli qismini tekstil va toʻqimachilik korxonalari tashkil etadi, ular soni — 20 ta. Qurilish materiallari, mebelsozlik yoʻnalishida 15 ta loyiha, bundan tashqari, charm poyabzal, kimyo mahsulotlari tayyorlashga kirishgan tadbirkorlik subyektlari ham bor. «Sifat yogʻoch sanoat» masʼuliyati cheklangan jamiyati bu yerda dastlab faoliyat boshlagan korxonalardan.

— Uzoq vaqt ijaraga olingan binolarda ishlab keldik, — deydi MCHJ rahbari Bahodir Halilov. — Kichik sanoat zonasida qulay ishlab chiqarish infratuzilmasi mavjud, undan unumli foydalanib, kutilgan natijaga erishish qiyin emas. — Prezidentimizga oʻz joyimizga ega boʻlganimizdan soʻng yiliga 1 ming 200 dona mebellar toʻplami ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgani, mahsulotning 58 foizi eksportga chiqarilishi, yogʻoch oʻymakorligi usulida yaratilayotgan darvoza va soʻrilarga Arab davlatlari ham qiziqish bildirayotgani, kelgusidagi rejalari haqida gapirib bergandim. Endilikda rejalarimiz natijaga aylangan.

Ustki kiyimlar tikishga ixtisoslashtirilgan «Balanse teks» MCHJ rahbari Avaz Nishonov ham biznesini yoʻlga qoʻyish uchun kafolatlangan joy topilganidan mamnun. Uning 150 kishilik mehnat jamoasi bu yerda faoliyat boshlagandan soʻng 28 million dona kurtka tikib, isteʼmol bozoriga chiqardi.

Mazkur sanoat zonasining ishga tushirilishi nafaqat «Barkamol avlod» MFY, balki yaqin atrofdagi Yakkatut, Yangi hayot, Objuvoz, Lola, Chaman singari mahallalardan 4,5 mingga yaqin yoshlarni muqim mehnat joylari bilan taʼminlash imkoniyatini yaratgani bilan eʼtiborga molik.

Umuman olganda, ayni paytda viloyat boʻyicha kichik sanoat zonalari 72 taga yetkazilib, ularga 6 trillion soʻm qiymatdagi 925 ta loyiha joylashtirilgan. Bu bilan yakunlangan yilda 5,3 trillion soʻmlik yoki viloyat jami sanoatining 25,6 foizi miqdorida mahsulot ishlab chiqarishga muvaffaq boʻlindi. Respublikaning boshqa hududlari bilan taqqoslaganda bu kichik koʻrsatkich emas va biznes tashabbuslarni tizimli qoʻllab-quvvatlashning Namangan tajribasi yaratilganligini tasdiqlaydi.

Talaba qizning taklifi — amalda

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi paytida Davlatobod tumanidagi «Yangi Oʻzbekiston — yoshlar ziyo maskani» faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda bir guruh yoshlar bilan muloqot qilgan, ayni jarayonda kelajagimiz egalari faolligini oshirishga yoʻnaltirilgan loyiha va tashabbuslar oʻrtaga tashlangan edi.

Unda ishtirok etgan Namangan muhandislik qurilish instituti transport fakulteti talabasi Oyshaxon Qodirova Prezident bilan yuzma-yuz uchrashuvdan foydalanib, dilidagi fikrlarini aytadi. Bu iqtidorli talaba ilmiy izlanishlarining dastlabki natijasi sifatida yozilgan «Bionika» nomli kitob haqida edi. Nashrda kibernetikaning tirik organizmlar tuzilishi va faoliyatini oʻrganish asosida texnika muammolarini hal etishning ayrim masalalari haqida soʻz yuritilgan. Oyshaxon ushbu sohani Oʻzbekistonda kengaytirish uchun, masalan, Namangan shahrida innovatsion rivojlanish agentligining maxsus laboratoriya markazini tashkil etish taklifini qoʻyadi.

Prezidentimizga maʼqul tushgan bu taklif oʻtgan yil oxiriga kelib, toʻla amalga oshadi. Endilikda tashabbuskor qiz tahsil olayotgan institutda Oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratilgan 1,5 milliard soʻm mablagʻ hisobiga zamonaviy robototexnika vositalari bilan jihozlangan maxsus laboratoriya tashkil etilgan. Bu yerda Oʻzbekiston uchun yangi hisoblangan bionika yoʻnalishida tadqiqotlar olib borilmoqda. Ikki nafar oʻqituvchi va ikki nafar talaba izlanish bilan band.

— Nogironlar uchun harakatlana oladigan protez qoʻl va koʻrshapalakdan andoza olgan holda avtotransport haydovchilari uchun 40-50 metr masofadan oldinda piyoda borligidan ogohlantiruvchi koʻrsatish qurilmasining dastlabki nusxasini yaratdik, — deydi O. Qodirova. — Yaqin vaqt ichida asalarining hid bilishini texnikaga koʻchirish, jonzotlar hujayrasining texnik variantini ishlab chiqarish loyihalariga kirishamiz.

Davlatimiz rahbaridan motivatsiya olgan talabaning bugun quvonchi cheksiz. Bitiruvchi sifatida Bionika boʻyicha tanlagan diplom ishini ham nihoyasiga yetkazyapti. Uning taklifi bilan barpo etilgan laboratoriyada esa institutning izlanuvchan talabalari, umumtaʼlim maktablarining iqtidorli oʻquvchilari robototexnika sir-asrorlarini ishtiyoq bilan oʻrganishmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV («Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер